Jamiyat | 18:08 / 24.02.2021
39279
3 daqiqa o‘qiladi

Mevali daraxtlarni sovuq urishidan qanday asraymiz? - mutaxassis maslahati

Qishning so‘nggi oyi birinchi va ikkinchi o‘n kunligi issiq kelib, daraxtlar kurtak yoza boshlagan edi. Ammo oy oxirlariga kelib, butun O‘zbekiston bo‘ylab havo harorati keskin pasaydi. Asakalik tajribali bog‘bon Mash'albek Xushvaqtov bunday sharoitda bog‘ va tomorqalardagi mevali daraxtlarni sovuq urishidan asrash choralari haqida ma'lumot berdi.

Mash'albek Xushvaqtov – uzoq yillardan beri ko‘chat yetishtirish va bog‘ yaratish bilan shug‘ullanib keladi. Har yili 150 ming tup ko‘chat yetishtiruvchi bog‘bon ijtimoiy tarmoqlarda ham ancha faol: u Facebook'da 74 mingdan ortiq a'zoga ega «Bog‘dorchilik ilmi» guruhini yuritadi. 

Daraxtlar ichida somon va tezak tutatish hamda boshqa usullar

Sovuq kunlarda mevali xonadondagi mevali daraxtlarni asrash uchun xalqona tadbirlardan biri –«somon tutatish» amaliyotini qo‘llash yaxshi samara beradi.

6 sotixlik tomorqaga 4 ta somon pressini olib kelib, tutatamiz. Somon nam bo‘lishiga e'tibor qaratish zarur, chunki u yonishi emas, tutashi kerak.

Bundan tashqari, xuddi shu uslubda tezak tutatish ham samarali. Yozning saratonida mol go‘ngidan tayyorlab qo‘yilgan tappilar uzoq tutaydi.

Somon yoki tezakni tutatishda shamol yo‘nalishini hisobga olish, tutun bog‘ hududi bo‘ylab tarqalishini ta'minlash lozim.

Yoshi katta bo‘lmagan nihollarni qop kiydirish orqali asrash ham mumkin. Bunda iloji boricha sellofan emas, mato va chipta qoplar ko‘chatlarga kiydirib qo‘yiladi.

Daraxtlarni sovuq urishdan asrashning yana bir yo‘li – bog‘ni sug‘orish.

Bundan tashqari, suvga turli foydali preparatlar qo‘shgan holda daraxtga purkash. Bunda suvga bor preparati qo‘shib, aralashma tayyorlab olinadi va daraxtlarga sepib chiqiladi.

Bu orqali daraxt shoxlarida o‘ziga xos qoplama hosil bo‘ladi va bu qobiq novdalarni sovuqdan himoya qiladi.

Hozirda purkash orqali daraxtlarga sepiladigan bir nechta zamonaviy, kimyoviy pereparatlardan ham foydalanilmoqda.

«Menga aholi qachon ko‘chat ekishni boshlashimiz mumkin, degan savollar bilan murojaat qilmoqda. Shuni aytib o‘tishim zarur, ayozli, sovuq kunlar o‘tib ketmagunicha ko‘chat ekishni to‘xtatib turamiz», – deydi usta bog‘bon Mash'albek Xushvaqtov.

Elmurod Ermatov,
Jahongir Mahmudov

Mavzuga oid