Bayden AQShda koronavirus sababli kiritilgan favqulodda vaziyat rejimini uzaytirdi
AQSh prezidenti Jo Bayden avvalgi prezident Donald Tramp tomonidan 2020 yil mart oyida koronavirus tarqalishiga qarshi kiritilgan favqulodda vaziyat rejimini uzaytirdi. Rejim qancha muddatga uzaytirilganiga aniqlik kiritilmagan.
“COVID-19 pandemiyasi aholi salomatligi va mamlakat xavfsizligi uchun katta xavf solmoqda. Mamlakatda bu kasallikdan 500 mingdan ko‘proq kishi vafot etdi. COVID-19’ga qarshi kurashni davom ettirish muhim hisoblanadi. Shu sababli men favqulodda vaziyat rejimini uzaytirishga qaror qildim”, deb aytgan Bayden.
23 fevralda AQShda koronavirus qurbonlari soni 500 mingdan oshib ketdi. Ushbu ko‘rsatkich AQShning XX asrda uchta urushdagi jami yo‘qotishlaridan ko‘proqni tashkil qiladi. Prezident shu munosabat bilan mamlakatda besh kunlik motam e'lon qildi.