O‘zbekiston | 17:29 / 25.02.2021
3895
2 daqiqa o‘qiladi

Ikki oyda ekologiya sohasida 8 131ta qonunbuzilish holati aniqlangan

Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan joriy yil yanvar-fevral oylarida respublika bo‘yicha 9 mingdan ortiq reyd tadbirlari o‘tkazilib, ekologik nazorat natijalariga ko‘ra ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 8 131ta qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. Shundan 96tasini mansabdor shaxslar sodir etgan.

Bu haqda 25 fevral kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi inspektori Valijon Ibrohimov ma'lum qildi.

Unga ko‘ra, huquqbuzarlarga nisbatan 4 mlrd 333 mln so‘m jarima va tabiatga yetkazilgan zarar uchun 3 mlrd 49 mln so‘m da'vo belgilangan. Daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 1 031ta qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, jami 1 650 tup daraxtlar, shundan 768 tup qimmatbaho daraxtlar va 643 m³ butalar noqonuniy kesilgani uchun qonunbuzar shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda 1 mlrd 151 mln so‘m ma'muriy jarima va 3 mlrd 590 mln so‘m o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar belgilangan.

«Yil boshidan beri 32ta holat bo‘yicha 4 mlrd 423 mln so‘m o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar summalarini undirish va qonuniy chora ko‘rish maqsadida hujjatlar prokuratura, sud organlari, IIB va MIBga topshirildi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlab poytaxtdagi «Moviy gumbazlar» istirohat bog‘ida «Istiqlol» majmuasi bo‘yicha e'lon qilingan tanlov keng jamoatchilikda qizg‘in munozaralarga sabab bo‘layotgan edi. Holatni o‘rganish yuzasidan Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi bilan hamkorlikda maxsus ishchi guruhi tuzildi. Bu borada hech bir daraxt noqonuniy kesilmasligi borasida xodimlarga qat'iy ko‘rsatmalar berildi. Xiyobondagi barcha daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan», – deydi inspektori.

Ma'lumot uchun, prezident farmoni bilan respublikada davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriy 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirilgan edi. Moratoriy joriy etilishiga qaramay, 2020 yilda tabiatga 9,7 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Mavzuga oid