Jahon | 09:02 / 18.03.2021
13657
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzaniya prezidenti vafot etdi 

Foto: Reuters

Tanzaniyaning 61 yoshli prezidenti Jon Magufuli vafot etdi. Avvalroq Tanzaniya muxolifati yetakchisi Tundu Lissu prezident koronavirusga chalingani va qo‘shni Keniyadagi shifoxonaga yotqizilganini ma'lum qilgandi.

Biroq Tanzaniya hukumatining rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, Magufulining o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgan.

“Qadrdon tanzaniyaliklar, 17 mart kuni soat 18 atrofida jasur yetakchimiz, prezident Jon Magufulini yo‘qotganimizni o‘kinch bilan ma'lum qilamiz. U Dar-us-Salomdagi shifoxonada yurak kasalligidan vafot etdi”, deb ma'lum qilgan mamlakat vitse-prezidenti Samiya Suluxu.

Magufuli koronavirus tarqalishi sababli mamlakatda lokdaun kiritishdan bosh tortib kelgan va tibbiy niqoblar taqmaganlarni maqtagan. U virusga qarshi ilmiy yo‘llar bilan kurashishni tan olmagan.

Tanzaniya hukumati 2020 yil aprelidan koronavirusga chalinganlar bo‘yicha statistika bermay qo‘ygan, Magufuli esa uning davlati infeksiyadan xoli ekanini ta'kidlab kelgan. 

Prezident, shuningdek, vaksinalarga ularni yevropaliklar ishlab chiqarishi sababli ishonmasligini hamda Tanzaniya vaksina sotib olmasligini aytgan.

Fevralda Tanzaniya prezidenti o‘z hamyurtlarini “kasalliklardan forig‘ bo‘lish uchun” 3 kun ibodat qilishga chaqirgan.

Magufuli fevral oxiridan ko‘rinmay qo‘ygan. Hukumat bu borada biror-bir ma'lumot bermagan. Biroq muxolifat prezident koronavirusga chalingani va og‘ir ahvoldaligini ta'kidlab kelgan. 15 mart kuni muxolifat yetakchisi Lissu o‘z manbalariga tayanib, prezident o‘pkani sun'iy shamollatish qurilmasiga ulanganini ma'lum qilgan.    

Magufuli Tanzaniya prezidenti lavozimini 2015 yilda egallagan. U mamlakatning 5-prezidenti bo‘lgan. 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonib, ikkinchi muddatga qayta saylangan.

Magufulining vafoti munosabati bilan mamlakatda ikki haftalik motam e'lon qilingan. BBC News nashrining aniqlik kiritishicha, Tanzaniya konstitutsiyasiga ko‘ra, endi vitse-prezident Hasan vaqtincha prezident sifatida qasamyod qiladi hamda Magufulining muddati yakunigacha, 2025 yilga qadar mamlakatni boshqaradi.

 

Mavzuga oid