Fan-texnika | 04:10 / 19.03.2021
15486
2 daqiqa o‘qiladi

Hyundai futuristik ko‘rinishdagi yangi miniveni suratini e'lon qildi 

Foto: Hyundai

Hyundai kompaniyasi futuristik ko‘rinishdagi yangi konseptual miniveni Staria suratini e'lon qildi. Mashinaning seriyali ishlab chiqariluvchi versiyasi Janubiy Koreyada sotiladi. 

Ta'kidlanishicha, Hyundai Staria tashqi ko‘rinishidagi jalb qiluvchi jihatlari old tomonidagi ingichka yorug‘lik-diodli hoshiya, vertikal joylashgan faralari hamda katta o‘lchamli radiator panjarasi hisoblanadi.  

Avtomobil 11, 9, 7 va 2 o‘rindiqli (yuk tashuvchi versiyasi) modifikatsiyalarda taklif etiladi. Ta'kidlanishicha, mashinaning 9 o‘rindiqli versiyasida ikkinchi qator o‘rindiqlari uchinchi qator yo‘lovchilari tomon 180 darajaga o‘girilishi mumkin. Mashinaning bu jihati evaziga orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchilar bir-birlariga qarab gaplashib ketishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, mashina salonida axborot-ko‘ngilochar tizimining katta sensorli displeyi, raqamli asboblar paneli va uzatmalarni o‘zgartirish uchun tugmali elektron selektor o‘rnatiladi.

Kompaniyaning ta'kidlashicha, yo‘lovchilar uchun maksimal qulaylik yaratish maqsadida mashinaning saloni balandligi avtomobil ham oilaviy, ham ishchi safarlar uchun mos bo‘ladigan qilib tanlangan. 

Mavzuga oid