O‘zbekiston | 15:33 / 02.04.2021
29848
3 daqiqa o‘qiladi

«Tarixiy sana»: So‘x-Rishton yo‘lining ochilish marosimidan reportaj

1 aprel kuni Farg‘ona viloyati va Qirg‘izistonning Botken viloyatlari orasida «Rishton» («Qaytpas») va «Tul» («Etikchi») chegara postlari faoliyati tantanali marosim bilan tiklanib, Qirg‘iziston orqali o‘tgan So‘x-Rishton yo‘li qayta ochildi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va Botken viloyati gubernatori Omurbek Suvanaliyev ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda ikki viloyatning turli sohalari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Bu hodisa 80 mingga yaqin kishi yashaydigan anklav hududdagi so‘xliklar uchun muhim ahamiyatga egadir. Shu vaqtgacha viloyat markaziga kelish uchun 80 kilometr yo‘l bosib, Farg‘ona tumanidagi «Vodil» bojxona chegara posti orqali qatnagan so‘xliklar endi 19 kilometrlik yo‘ldan erkin foydalanish imkoniga ega bo‘lishdi.  

Dastlab «Rishton» chegara postida karnay-surnay sadolari yangrab, ikki tomon vakillari bir-birlarini ochiq yuz bilan qarshi olishdi.

Marosimda so‘z olganlar tomonidan ikki davlat rahbarlarining tashabbuslari va amaliy harakatlari bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida aloqalar kengayib borayotgani, chegaraoldi hududlarning hamkorligi ham yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta'kidlandi va prezidentlarga minnatdorchilik izhor etildi.

 «Bugun tarixiy sana. Ikki qo‘shni mamlakat aholisi azal-azaldan qon-qarindosh, ahil-ittifoq yashab kelgan bo‘lsa-da, So‘x tumaniga Botken orqali o‘tadigan yo‘lni ochish masalasi qariyb 10 yildan buyon xalqlarimiz orzusi edi. Ikki davlat prezidentlari, hurmatli Shavkat Mirziyoyev hamda Sadir Japarovning Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar ijrosining tez va qisqa muddatda guvohi bo‘lib turibmiz», dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov.

 

Tantanali tadbirlar So‘x va Qirg‘izistonni bog‘lab turuvchi «Tul» («Etikchi») o‘tkazish punktida ham davom etdi. Bu yerda ham tabrik va qutlovlar yangradi. Shu yerda Farg‘ona va Botken viloyatlari rahbarlari bir-birlariga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Mavzuga oid