Bojxonachilar salkam 2 kg giyohvand moddalarning olib o‘tilishiga chek qo‘ydi
Andijon va Surxondaryo viloyatlari bojxonachilari tomonidan salkam 2 kg giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, deb xabar qilmoqda DBQ axborot xizmati.
Birinchi holatda, Andijon viloyati “Do‘stlik” chegara bojxona postida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Ushbu post orqali qo‘shni mamlakatdan O‘zbekistonga kirib kelgan fuqaro X.R.ning oyog‘iga kiyib olgan qora rangli krossovkasi og‘irligi hamda tag qismi qalinligi bojxonachilar e'tiborini tortgan. Shundan so‘ng, ushbu shaxs belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, uning oyoq kiyimlari ichida 4 dona polietilen paketlarga o‘ralgan, vazni 594,05 grammni tashkil etuvchi “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Surxondaryo viloyatida esa, o‘zidan jonli konteyner sifatida foydalanib, giyohvandlik vositalarini ichki a'zolariga yashirgancha olib kirishga bo‘lgan ikkita urinish fosh qilingan. Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi "Ayritom" chegara bojxona postiga piyoda ravishda kirib kelgan qo‘shni davlat fuqarosi S.A. inson tanasini skanerlovchi “Body scan” qurilmasi ko‘magida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, uning ichki a'zolarida shubhali predmetlar borligi aniqlangan.
Shundan so‘ng shifokorlar muolajasi orqali mazkur shaxsning ichidan 46 dona silindrsimon polietilen o‘ramlar chiqarib olindi. Mazkur o‘ramlarga sof og‘irligi 1,076 kilogrammni tashkil qiluvchi “opiy” giyohvandlik vositasi yashirilgani ma'lum bo‘ldi.
Bir necha kun o‘tib ushbu bojxona postida giyohvandlik vositalarini ichki a'zolariga yashirgancha olib kirishga uringan boshqa shaxs ham qo‘lga olingan. Qo‘shni mamlakat fuqarosi A.K. ham shubhali harakatlari sababli kuzatuvga olinib, skaner qurilmasi ko‘magida ko‘zdan kechirildi. Natijada, ushbu shaxsning ichida ham 42 dona skotchlangan silindrsimon o‘ramlar borligi fosh bo‘ldi. Tibbiyot xodimlari ishtirokida chiqarib olingan mazkur o‘ramlar tekshirib ko‘rilganida esa, uning ichida sof og‘irligi 252 gramm “geroin” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Mavzuga oid
21:32 / 27.11.2024
Tovarni bojxona muhri ostida tashishga ruxsat berish guvohnomasini olish raqamlashtiriladi
18:40 / 06.10.2024
Toshkentda ikki hafta mobaynida qariyb 30 kg giyohvand vositalar va psixotrop moddalar ushlandi
16:51 / 02.10.2024
Toshkentda xonadonida giyohvand moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi dorilar saqlab kelayotgan shaxs ushlandi
13:30 / 01.09.2024