Pep ikkinchi «Borussiya»ni ham yengdi. Ammo «Siti» hamon qaltis vaziyatda
Chempionlar ligasi 1/4 finalining birinchi uchrashuvida «Manchester Siti» 90-daqiqada Dortmundning «Borussiya»sidan g‘alabani tortib oldi (2:1).
Chempionlar ligasi. 1/4 final. Birinchi o‘yin
«Manchester Siti» — «Borussiya» D — 2:1 (1:0)
Gollar: De Bryuyne, 19 (1:0). Roys, 84 (1:1). Foden, 90 (2:1).
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Stouns, Joau Kanselu, Ruben Diash, Gundo‘g‘an, De Bryuyne, Ernandes, Foden, Mahrez, Bernardu Silva (Gabriel Jyezus, 59).
«Borussiya»: Hits, Hummels, Akanji, Morey (Mene, 81), Roys, Emre Jan, Rafael Gerreyru, Daud (Dileyni, 81), Bellingem, Holand, Knauff (Reyna, 63).
Ogohlantirishlar: Emre Jan, 30. Bellingem, 37.
Hakam: Hatsegan (Ruminiya).
6 aprel. Manchester. «Etihad» stadioni.
Pep Gvardiola Manchesterda beshinchi mavsumini o‘tkazmoqda. U «Siti» bilan Angliyada yutish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni yutgan, uchinchi marta chempionlik ham yaqin. Lekin barchaga ma'lumki, kataloniyalik murabbiy uchun asosiy motivatsiya — Chempionlar ligasi.
«Manchester Siti»ga qandaydir tavqi la'nat yopishgandek. Bu so‘nggi yillarda sayyoraning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lib turibdi, «shaharliklar» har mavsum Chempionlar ligasida favoritlar qatorida bo‘ladi, ammo jamoa shu vaqtgacha biror marta finalga qadar yetib bormagan. Pepning «Siti»dagi to‘rt yevromavsumi haqida qisqacha:
2016/17 — 1/8 finalda «Monako»ga mag‘lub bo‘lish;
2017/18 — 1/4 finalda «Liverpul»ga mag‘lub bo‘lish;
2018/19 — 1/4 finalda «Tottenhem»ga mag‘lub bo‘lish;
2019/20 — 1/4 finalda «Lion»ga mag‘lub bo‘lish.
Bu paradoks: zamonaning eng kuchli murabbiylaridan biri saralangan futbolchilar tarkibi bilan ham to‘rt yil ichida biror marta Yevropaning eng kuchli to‘rt jamoasi qatoridan joy ololmagan. Hamisha nimadir to‘siq bo‘lavergan: goh yo‘ldan Mbappe chiqqan, goh Klopp, gohida esa VAR (2019 yil bahorida «Tottenhem»ga qarshi javob o‘yinida qo‘shimcha vaqtda Sterling urgan gol bekor qilingandi). O‘tgan yozda «Siti»ga hech kim qarshilik qila olmaydigandek edi: jamoaga chorak finalda mavsumni juda bo‘sh o‘tkazgan va yakunda yevrokuboklarga yo‘llanma ola bilmagan «Lion» raqiblik qilgandi. Ammo fransuzlar pandemiya tufayli pley-off o‘yinlari qisqartirilgan sharoitda - bir o‘yinda sensatsion ravishda g‘alaba qozonishdi - 3:1. O‘shanda mag‘lubiyat uchun aynan Gvardiolani ayblashdi — go‘yoki u taktika tuzishda futbolchilarning sonini hisobga olmay chalkashib ketgan.
Bu safar ham «Manchester Siti»ga yarim finalga chiqish uchun tashqaridan to‘siq yo‘q. Raqib bo‘lmish «Borussiya» Bundesligada mavsumni yomon o‘tkazmoqda va jamoa bosh murabbiysiz o‘ynamoqda. Tarkibda jarohatlar, kasallar va diskvalifitsiyaga uchraganlar yo‘q. O‘tmishdagi barcha xatolardan xulosa chiqarilgan: yolg‘on «to‘qqizlik» bilan sinalgan sxema qo‘llanmoqda. Ammo yana qiyinchiliklar paydo bo‘ldi.
Nimchorak finalda boshqa «Borussiya» - menxengladbaxliklarni ikki o‘yinda ham osonlik bilan yenggan «Siti» dortmundliklarga qarshi o‘yinda qiynalishi kutilgan hol edi. Inglizlar birinchi bo‘lim boshini nursiz o‘tkazishdi - 18-daqiqaga qadar raqib darvozasi tomon zarba bo‘lmadi. Nemislar esa himoyadan chiqishda qiynalishmadi va tezda maydon markazidan o‘ta boshlashdi. Jamoaning xotirjam o‘yinini Emre Jan buzib qo‘ydi - u maydon markazida turib chap qanotga to‘p uzatishda xatoga yo‘l qo‘ydi.
To‘pga ega chiqqan Riyoz Mahrez uni darhol de Bryuynega uzatdi, belgiyalik futbolchi Mahmud Daudni osonlik bilan ortda qoldirib (nemislar futbolchisi raqibni fol bilan to‘xtatib qolishga besamar urindi), oldinga yurdi. Hujum davomida Kevin to‘pni Fodenga uzatdi, u esa qanotda yetib kelgan Mahrezni to‘p bilan ta'minladi, jazoirlik futbolchi darvoza qarshisida zarba berish nuqtasiga chiqib kelgan de Bryuyneni topdi - 1:0.
29-daqiqada Emre Jan yana bir marta jamoasi darvozasiga gol keltirishi mumkin edi - qanotdan uzatib berilgan to‘pni u tovoni bilan qaytarishga urindi, bu holatda u ortida turgan raqib futbolchisiga qaramadi. Pas kutib turgan Rodri esa yiqildi, hakam Ovidiu Hatsegan penalti belgiladi. Ammo videotakrordan keyin bu qaror bekor qilindi.
37-daqiqada ruminiyalik referilar yana ikki xatoga yo‘l qo‘yishdi - bu xatolar o‘yinning borishiga ham, natijaga ham ta'sir qiluvchi xatolar edi. Bu vaziyatda Gerreyru to‘pni raqib darvozasiga yaqin joylashgan Jud Bellingemning yo‘liga tashlab berdi. Bellingemni Ruben Diash qo‘riqlab bordi, ammo Ederson ham hujumni to‘xtatish uchun oldinga chiqib keldi. Ammo darvozabon to‘pga kechikdi, Bellingem esa to‘pni oldinga tashlab harakatlandi. U bo‘sh darvoza qarshisida qolgandi, hakam esa hushtak chalib o‘yinni to‘xtatdi. Hatsegan dortmundliklar yarimhimoyachisi to‘p uchun kurash vaqtida Edersonga qo‘pollik qildi, deb hisoblagandi. Bu hakamning birinchi xatosi. Ikkinchi xato esa u Bellingem bo‘sh darvoza qarshisida qolganida o‘yinni to‘xtatganida bo‘ldi.
Tasvirlardan ko‘rish mumkinki, havbek tomonidan qoida buzilishi ro‘y bermagan. U to‘pga birinchi yetib borgan, shundan keyin darvozabon uning oyog‘iga tepgan. U yiqilmasdan o‘yinni davom ettirishga qaror qilgan, lekin arbitr unga gol urishga xalal berishga shoshilgan. Agar hujum davom etib, to‘p darvozaga kirganidan keyin hushtak chalinganida, vaziyatga videohakamlar aralashgan va gol hisoblangan bo‘lardi.
Bu vaqtda hisob 1:0 ko‘rinishida edi va hisob tenglashganida, o‘yinning davomi butkul boshqacha bo‘lishi mumkin edi. «Borussiya»da Roysning goligacha ham vaziyatlar bo‘ldi, shu jumladan, Holand yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi.
Shu bilan birga, «Manchester Siti» bu o‘yinda yirikroq hisobida g‘alaba qozonishi ham mumkin edi. Ammo Gvardiola jamoasida bu mavsumni ham yo‘qqa chiqarishi mumkin bo‘lgan bir omil bo‘y ko‘rsatmoqda — vaziyatlardan foydalana olmaslik. Ikkinchi bo‘limda birgina Fodenning o‘zi ikkita golli vaziyatni ko‘kka sovurdi, o‘yin oxirida g‘alaba golini urgunicha, tvitterda uni hamma masxara qildi. Vaziyatlardan birida angliyalik futbolchi darvozabon maydoni yaqinida turib to‘pni darvozabon Hitsning o‘ziga qarab tepdi, boshqa epizodda jarima maydoni chizig‘i ustidan bergan zarbasi yana to‘g‘ri darvozabonga keldi.
O‘yinning 84-daqiqasida «Borussiya» hisobni tenglashtirdi, o‘yin ssenariysi «Siti»ning oldingi chorak finallari yo‘sinida ketayotgandi. Bunday o‘yin uchun 1:1 hisobi mos emasdi, ammo reallik shu edi. O‘yin yakunida esa Pepning omad zaxiralari butkul ado bo‘lmagani ma'lum bo‘ldi, Foden baribir gol urdi va «Siti»ga g‘alaba keltirdi. Ammo ikki o‘yindan iborat qarama-qarshilikda uydagi 2:1 hisobi — u qadar qulay hisob emas.
Albatta, «shaharliklar» hamon favoritligicha qolmoqda. Yarim finalga chiqish imkoniyati hamon yuqori, Dortmunddagi o‘yinda ham muxlislar bo‘lmaydi. Ammo javob o‘yini uchun prognozlarda shoshilmaslik kerak: Chempionlar ligasi yarim finali Gvardiolaning «Siti»sini ko‘rishni istamayotgandek.
Mavzuga oid
19:35 / 23.12.2024
«Siti»dagi inqiroz. Nimalar bo‘lmoqda va nima qilish kerak?
12:02 / 22.12.2024
«Barsa»da inqiroz, «Siti»da antirekord. Kun o‘yinlari
12:24 / 16.12.2024
«Barsa» yana autsayderga yutqazdi, «Siti» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
11:17 / 12.12.2024