Sport | 12:31 / 08.04.2021
21162
6 daqiqa o‘qiladi

«Bavariya» - «PSJ»: Parijning qasosi. Birinchi sahna

Chempionlar ligasining o‘tgan mavsumi finalchilari Myunxenda yorqin o‘yin ko‘rsatishdi va bu o‘yin o‘tgan mavsum finalida «Bavariya»ga yutqazgan «PSJ»ning g‘alabasi bilan yakunlandi (3:2).

Foto Reuters

Chempionlar ligasi. 1/4 final. Birinchi o‘yin
«Bavariya» — «PSJ» — 2:3 (1:2)
Gollar: Mbappe, 3 (0:1). Markinos, 28 (0:2). Shupo-Moting, 37 (1:2). Myuller, 60 (2:2). Mbappe, 68 (2:3).
«Bavariya»: Noyyer, Alaba, Zyule (Boateng, 42), Ernandez, Pavar, Kimmix, Myuller, Koman, Goretska (Deyvis, 33), Shupo-Moting, Sane.
«PSJ»: Navas, Markinos (Errera, 30), Kimpembe, Diallo (Bakker, 46), Dagba, Geyye, Draksler, Danilu Pereyra, Di Mariya (Kin, 71), Neymar (Rafinya, 90), Mbappe.
Ogohlantirishlar: Ernandez, 35. Draksler, 62. Kimmix, 70. Boateng, 72. Shupo-Moting, 89.
Hakam: Mateu Laos (Ispaniya).
7 aprel. Myunxen. «Allyans Arena» stadioni.

Chorshanba kuni Myunxenda qor yog‘di. Germaniyada odatda bunday sharoitdagi futbol Rojdestvo kunlarida — Bundesliganing birinchi davrasining so‘nggi turida kuzatilardi. Aftidan, noodatiy ob-havo ham bu oqshom muxlislarni qandaydir o‘zgacha o‘yin kutayotganidan darak berardi. Bu o‘tgan mavsum finali remeyki emas, yangi va jozibador tarix bo‘lishini ko‘pchilik his qilib turardi.

Solishtirishlardan qochib bo‘lmasdi, faqat yetti yarim oy ichida ko‘p narsa o‘zgardi. «Bavariya» muxlislari ilohiylashtirayozgan Hans Flik sport direktori Hasan Salihamidjich bilan til topisha olmayapti va Germaniyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, yozda klubni tark etishi mumkin. «PSJ» esa yangi yilni yangi bosh murabbiy Maurisio Pochettino bilan kutib olgan.

Argentinalik mutaxassisning ishidan xulosalar qilishga hali erta, hozirgi taassurotlar hech narsani anglatmaydi. Jamoa o‘tgan bosqichda «Barselona»ga qarshi «Kamp Nou»da kechgan o‘yinda to‘la ustunlikka erishganida murabbiyning ham qo‘li bor. Boshqa tomondan — parijliklar Fransiya chempionatida o‘zlariga xos bo‘lmagan ikkinchi o‘rinda ketishmoqda, Pokettino qisqa vaqt ichida nafaqat to‘g‘ridan to‘g‘ri raqiblari «Monako» va «Lill»ga, balki ligada qolish uchun kurashayotgan «Loryan» va «Nant»ga ham yutqazdi.

Soddaroq aytganda, hozirgi «PSJ» endi Tomas Tuxelning davridagi jamoa emas, shu bilan birga, hali Pochettino jamoasiga aylana olgani yo‘q. Yangi jamoa to‘liq shakllanmagan va Neymarning nima qilishini oldindan bilib bo‘lmaydi. To‘rt kun muqaddam braziliyalik futbolchi ichki chempionat o‘yinida qizil kartochka olgandi, endi esa 30-daqiqagacha ikki dohiyona pas muallifi bo‘ldi va Myunxendagi o‘yin oldidan Instagram’dagi sahifasida bejiz buyuk basketbolchi Kobi Brayantdan iqtibos keltirmaganini isbotladi: «Odamlar men qanchalar g‘alabalar shaydosi ekanimni tushunishmaydi».

Mbappening birinchi goli urilgan epizodda ko‘pchilik Flik muallifligidagi iqtibosni esladi: «Tarkibda jahon miqyosidagi darvozabon borligi — bizning ustunligimiz». Ammo Noyyer fransuz hujumchisi zarba berishidan oldin uzoq burchak tomon yiqildi va yaqin burchakdan gol o‘tkazib yubordi. Markinosning golida darvozabonda ayb yo‘q edi, ammo birinchi bo‘limda ikkita zarbadan ikkita gol o‘tkazib yuborish — yomon statistika. Agar ofsayd qayd etilmaganida, balki uchinchi gol ham bo‘lardi — Drakslerdan.

Bu farq maydonning narigi tomonida Supermen rejimini «yoqqan» Keylor Navasning fonida yanada yaqqol ko‘zga tashlanardi. Buni shunchaki boshqacha ta'riflab bo‘lmaydi, chunki tanaffusga qadar «Bavariya» zarbalar soni bo‘yicha 15:2 (aniq zarbalar bo‘yicha 6:2) ko‘rinishida ustunlik qildi, mezbonlar bo‘lim davomida to‘pga egalik qilishda ham ustun edi - 63 foiz. Kostarikalik darvozabon sobiq jamoadoshi Shupo-Motingni boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘ydi, myunxenliklar jamoasi Levandovskining jarohati va Gnabrining koronavirusga chalinishi tufayli hujumda boshqa variantga ega emasdi.

To‘g‘ri, yuqorida keltirilgan ma'lumotlar amalda hech qanday ahamiyatga ega emas va bu o‘yindan mantiqni izlash ham foydasiz mashg‘ulotdir. Birinchi raqamli sabab — ikki klubdagi kadrlar masalasi edi. Bavariyaliklar protokolni to‘ldira olishmadi ham, «PSJ» tarkibi ham ideal vaziyatda boshqacha ko‘rinish olgan bo‘lardi.

Tanaffusga qadar uch futbolchi almashtirilishi ham noodatiy voqea bo‘ldi. Flik bu o‘zgartirishlar orqali tayanch yarimhimoyadagi muammolarni hal qildi va Alabani oldinga chiqardi. Parijliklar jamoasi himoyasida ham o‘zgarish qilishga to‘g‘ri keldi, gol urganidan bir daqiqa o‘tib Markinos o‘zini almashtirishlarini so‘radi. Parijliklar sardorsiz qolgach, jarima maydoni ichida raqibning ikki marta bosh bilan bergan zarbasini o‘tkazib yuborishdi. Odatda «Bavariya» bunday vaziyatda har qanday raqibni butkul tor-mor etardi.

Ammo hozirda myunxenliklarning jamoaviy jasorati Mbappening ilhomidan kuchsizroq bo‘lib chiqdi. Yaqin burchakka gol urish, to‘pni Boatengning oyoqlari orasidan olib o‘tish — uning parvozi baland. Barselonadagi het-trikdan keyin Kilian Myunxenda dubl qayd etmoqda. Lekin bu hali yakun emas.

Parijliklarning qasosi hali tugamadi va «Bavariya» «Park de Prens»dagi o‘yin yakunlangani haqidagi hushtak chalinmaguncha taslim bo‘lmaydi.

Mavzuga oid