Jahon | 20:21 / 12.04.2021
19615
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina Rossiya hujumiga tayyor

Zelenskiy AQSh Ukrainani NATOda ko‘rishni istasa, buni amalda tasdiqlashi kerakligini aytdi.

Foto: AP

Ukraina armiyasi Rossiya qo‘shinlarining ehtimoliy bostirib kirishiga tayyor. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘tgan haftada Donbassga qilgan tashrifi chog‘ida CNN muxbiriga bergan intervyusida aytdi.

«Albatta. Biz Rossiyaning bostirib kirish ehtimoli haqida bilamiz. Buni 2014 yildan beri bilamiz. Ular tayyor, lekin biz ham tayyormiz, chunki o‘z yerimizda va o‘z hududimizdamiz», — dedi Zelenskiy.

U shuningdek, AQSh Ukrainani NATOda ko‘rishni istasa, buni amalda tasdiqlashi kerakligini aytdi.

«Agar ular Ukrainani NATOda ko‘rishni xohlashsa, buni ochiq aytishlari va bajarishlari kerak. Faqat so‘zdagina emas», — dedi Zelenskiy.

Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina rahbariyati o‘z reytingini tiklash uchun «o‘ylamasdan harakat qilishi», buning «oqibati yomon bo‘lishi» mumkinligini aytgandi.

Mavzuga oid