Sport | 12:59 / 14.04.2021
18927
9 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» - «Bavariya»: Parijning qasosi. Ikkinchi sahna

Chempionlar ligasining 1/4 finali javob uchrashuvida fransuzlar o‘z uyida nemislarga yutqazishdi (0:1), ammo ikki o‘yin natijasiga ko‘ra keyingi bosqichga chiqishdi.

Foto AFP

Chempionlar ligasi. 1/4 final. Javob o‘yini
«PSJ» — «Bavariya» — 0:1 (0:1)
Gol: Shupo-Moting, 40.
«PSJ» (Fransiya): Navas, Kimpembe, Diallo (Bakker, 58), Dagba, Geyye, Draksler (Kin, 73), Danilu Pereyra, Paredes, Di Mariya (Errera, 89), Neymar, Mbappe.
«Bavariya» (Germaniya): Noyyer, Boateng, Alaba, Ernandez, Pavar, Kimmih, Myuller, Koman, Deyvis (Musiala, 71), Shupo-Moting (Havi Martines, 85), Sane.
Ogohlantirishlar: Alaba, 52. Dagba, 55. Myuller, 68. Errera, 90.
Hakam: Orsato (Italiya).
13 aprel. Parij. «Park de Prens» stadioni.
Birinchi o‘yin — 3:2.

O‘yindan oldin «PSJ» bosh murabbiyi Maurisio Pochettino odatda protokollar uchun keltiriladigan navbatchi so‘zlarni aytgandi: «Maydonda har nima bo‘lishi mumkin». Parijliklar safardagi birinchi o‘yinda 3:2 hisobida g‘alaba qozonishgan va o‘z maydonlarida o‘zlarini xavfsizlikda his qilishlari mumkin edi, ammo o‘tmish sharpalari ularni hamon ta'qib qilardi. 2017 yilda klub YeChL 1/8 finalida «Barselona»ni Parijda 4:0 hisobida yengib ham turnirni tark etishgandi, ikki yil o‘tib fransuzlar xuddi shu bosqichda safardagi birinchi o‘yinda «Manchester Yunayted»ni — 2:0 hisobida yengib ham turnirdagi ishtirokini to‘xtatgandi, javob uchrashuvida 1:3 hisobidagi mag‘lubiyat qayd etilgan.

Yana ikki yil o‘tdi, 2021 yil boshlandi. «PSJ» 1/8 final bosqichidagi tavqi la'natdan qutulgandek («Barsa» safarda 4:1 hisobida mag‘lub etildi, javob o‘yinida 1:1 hisobi qayd etildi), ammo parijliklarning katta ustunligi hali hech narsani anglatmasligi davom etmoqda. «Park de Prens»dagi javob o‘yinidan oldin tvitterdagi yumoristik akkauntda ikkita oddiy javob varianti bilan so‘rovnoma o‘tkazildi: parijliklar yo‘lida davom etadimi yoki PSG do a PSG, so‘zma-so‘z tarjimada — «PSJ» «PSJ»ligini qiladi. Ikkinchi variant uchun ko‘proq ovoz berildi.

«Bavariya» — «PSJ»: Parijning qasosi. Birinchi sahna

«PSJ» Myunxendagidan yaxshiroq o‘ynadi

Foto: REUTERS/Christian Hartmann

Myunxendagi o‘yindan keyin ikki jamoaning tarkibdagi muammolari yanada og‘irlashdi. Xans-Diter Flik Myunxendagi o‘yinni yakunlagan tarkibni tushirdi - Alaba va Kimmix tayanch zonasida (Goretskaning jarohati tufayli), Boateng va Ernandez himoya markazida (Zyulening jarohati tufayli), Devis chap qanotda (Ernandez markazga ko‘chgani tufayli). Shupo-Moting esa hujum markazida (Levandovski o‘rniga).

Pochettino ham barcha yo‘qotishlarni hisobga olgan holda tarkib tuzishga majbur bo‘ldi. Diskvalifikatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan Paredes tayanch zonasiga qaytdi, jarohatidan endigina forig‘ bo‘lgan Verratti va Florensi zaxirada qoldi. O‘tgan o‘yinda jarohat olgan Markinos o‘rniga Pereyrani qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Zaxira futbolchilari Dagba va Diallo, himoyachiga aylantirilgan yarimhimoyachi Perreyra bilan himoya chizig‘i mezbonlarning eng zaif joyiga aylandi.

«Bavariya» ilk daqiqalardanoq o‘tgan o‘yindagi rejimni yoqib o‘ynadi: raqib hududiyoq kuchli pressing va qanotdan qanotga to‘p uzatib, pozitsion hujum uyushtirish. Ammo o‘tgan yildagidan ko‘ra farqlar bor edi.

Myunxenda «PSJ» yuqori pressingga dosh bera olmay to‘pni ko‘p yo‘qotgandi, qarshi hujumlar juda kam bo‘lgandi, pozitsion hujumlar esa deyarli kuzatilmagandi. Shu tufayli «Bavariya» doimiy bosim uyushtirgan, ketma-ket golli vaziyatlar uyushtirgandi. Parijda esa o‘yin butunlay boshqacha boshlandi.

Mehmonlar butun jamoa bo‘lib pressing uyushtirgan bo‘lsa-da, «PSJ» o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi: futbolchilar to‘pni oson yo‘qotishmadi, himoyadan qisqa paslar orqali chiqishdi va Neymar hamda Mbappeni doimiy ravishda paslar bilan ta'minlab turishdi. 

Myunxendagi o‘yinning birinchi bo‘limida to‘pga egalik qilish bo‘yicha «Bavariya» 62 foizlik ustunlik ko‘rsatgan, zarbalar berish bo‘yicha hisob 12:2 ko‘rinishini olgandi. Parijda esa birinchi bo‘limda to‘pga egalik qilish nisbati «Bavariya» foydasiga 56 foizga 44 foiz, zarbalar soni bo‘yicha 3:2 bo‘ldi.

Neymar — birinchi bo‘limdagi asosiy omadsiz

Butun o‘yin davomida «PSJ» «PSJ»ligini qildi. Albatta, ataylab emas. Birinchi bo‘limda Neymar kamida uch marta yaqqol golli vaziyatni yo‘qqa chiqardi, goh ustunni, goh to‘sinni, goh Noyyerning qo‘llarini mo‘ljalga oldi — balki braziliyalik futbolchini ayblash kerak emasdir, balki uning oyoqlari o‘tmishdagi omadsizliklar tufayli qaltirardi.

Tanaffusga qadar hakamlar jamoasi shubhali ofsayd tufayli fransuzlarning hujumini to‘xtatib qolishdi, holbuki hakamlarga vaziyatning yakunini kutish tavsiya etilgan - biror e'tiroz bo‘lsa, VAR barchasini to‘g‘rilaydi. Ijtimoiy tarmoqlar parijliklar jamoasi muxlislari e'tirozlariga to‘lib ketdi.

«PSJ» birinchi bo‘limda osonlik bilan g‘olib bo‘lishi mumkin edi — amalda esa bo‘limni «Bavariya» o‘z foydasiga hal qildi. Parijliklar klubining chiroyli hujumlari va zarbalari hech narsa keltirmadi, Shupo-Moting esa golga o‘xshamaydigan gol urdi. Ammo asosiysi — hisobni ochdi.

Kamerunlik futbolchining muvaffaqiyatidan keyin «PSJ» futbolchilari asabiylasha boshlashdi. Juda ko‘pchilik 2017 yilda Barselonada, 2019 yilda Parijda bo‘lgan voqealarni yodga ola boshladi. Axir endi «Bavariya»ga bir gol kifoya qilar va jamoa yarim finalga chiqishi mumkin edi.

Maydon egalari esa bitta ham gol ura olishmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida Di Mariyaning zargarona pasidan keyin Neymar juda qulay vaziyatni ko‘kka sovurdi, Mbappe yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, darvoza to‘rini titratib gol urdi ham — ammo hakam ofsayd ekanini ko‘rsatib hushtak chaldi. Pochettino maydon chetida turib lablarini tishlardi — axir u omadsiz romantik sifatida tanilgan, «Tottenhem»dagi faoliyati mobaynida Maurisio birorta sovrin yutmagan.

«Barselona» va «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinlarda barchasi qo‘shimcha daqiqalarda hal bo‘lgandi — o‘shanda kataloniyaliklar o‘yin oxirida «PSJ» darvozasiga ikki gol urib, qahramonlik ko‘rsatishgan, Markus Reshford esa penaltini aniq ijro etgandi. Bu o‘yinda ham qo‘shimcha daqiqalar shiddatli kechdi. Parijliklar yanada ko‘proq asabiylasha boshlashdi va ko‘plab vaziyatlarni o‘tkazib yuborishdi, «Bavariya» esa himoya chizig‘ini haddan tashqari oldinga surdi. Myunxenliklar jamoasining deyarli barcha futbolchilari so‘nggi 20 daqiqalikda Navasning darvozasi atrofida harakat qildi. Ammo «PSJ» hujumlarni nima qilib bo‘lsa ham qaytarib turdi.

Qo‘shimcha daqiqalarda «Bavariya» ham golli vaziyat yaratdi, ammo Navas xavfli uzatmani to‘xtatib qolib, «PSJ»ga kerakli hisobni saqlab qoldi. Shu pallada «MYu»ga qarshi o‘sha o‘yinda parijliklarni hatto Buffon ham qutqara olmaganini esladi. Bundan kelib chiqmoqdaki, Navas buyuk italyandan zo‘rroq, bu mantiqan ham to‘g‘ri — Keylor Janluijidan farqli o‘laroq, «Shalpangquloq kubok»ni qo‘lga kiritgan.

«PSJ» baribir turib berdi. Ha, bu uydagi mag‘lubiyat, ammo keng olib qaraganda — bu uncha katta tarixga ega bo‘lmagan klub tarixidagi eng muhim g‘alabalardan biri. Yengilmas «Bavariya» turnirni tark etdi, «PSJ» esa raqibni ham, o‘zini ham yenga oldi. Aftidan, parijliklar chindan ham o‘sdi va katta g‘alaba uchun yetildi.

Mavzuga oid