Jamiyat | 18:21 / 21.04.2021
2972
2 daqiqa o‘qiladi

Paxtachida fizika-matematikaga ixtisoslashgan maktab tashkil etilishi mumkin

Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati xabar berishicha, xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Paxtachi tumanida fizika-matematikaga ixtisoslashgan maktab tashkil etish imkoniyatlarini o‘rgangan.

Shavkat Mirziyoyevning Samarqandga tashrifi doirasida turli soha vakillari, ziyolilar bilan uchrashuvda Paxtachi tumanidagi 9-maktab yoshlar yetakchisi Muqaddas Mustafoyevaning fizika-matematikaga ixtisoslashgan maktab-internat tashkil etish bo‘yicha bergan taklifi qanoatlantirilib, xalq ta'limi vaziriga topshiriqlar bergan.

«15-16 aprel kunlari Shavkat Mirziyoyevning Samarqandga tashrifi doirasida turli soha vakillari, ziyolilar bilan uchrashib, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi.

Paxtachi tumani 9-maktab yoshlar yetakchisi Muqaddas Mustafoyeva Paxtachida ham Qorako‘l maktabidek ixtisoslashgan maktab-internat faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bu borada keng imkoniyat yaratilsa, tuman yoshlarining fanlarni chuqurlashtirib o‘zlashtirishi va kelgusida muvaffaqiyatlarga erishishi yuzasidan taklif bildirdi.

Prezidentimiz Muqaddas Mustafoyevaning taklifini qo‘llab-quvvatladi va xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovga ushbu taklif yuzasidan zarur topshiriqlar berdi.

20 aprel kuni xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Paxtachi tumanida bo‘lib, sobiq avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji binosi o‘rnida fizika va matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e'tibor qaratdi.

Binoning belgilangan talablarga javob berishi, malakali o‘qituvchilarni jalb qilish, o‘quvchilarni yotoqxona bilan ta'minlash imkoniyatlarining mavjudligini o‘rgandi.

Darhaqiqat, maktab-internat tashkil etiladigan bino 2009 yilda qurilgan, 850 o‘quvchi o‘rniga ega 25 ta o‘quv xonalaridan iboratdir», deyiladi Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati ma'lumotida. 

Mavzuga oid