O‘zbekiston | 13:19 / 23.04.2021
6261
2 daqiqa o‘qiladi

Hozirgi kunda 1,6 mln aholi ishsiz - Senat 

Hozirgi kunda respublikada 1 million 600 ming aholi bandligini ta'minlash talab etilmoqda. Bu haqda Senat yalpi majlisida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev ma'lum qildi.

«Hozirda yurtimizda 1 million 600 ming aholi bandligini ta'minlash talab etilayotgan bo‘lsa, ularning 805 mingdan ortig‘i 16-30 yoshdagi ishsizlar. Shuningdek, 2021 yilda mehnat bozoriga jami 560 ming bitiruvchi kirib keladi. Natijada, joriy yilda yoshlar bandligini ta'minlash uchun ehtiyoj 1 million 365 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Aynan shuning uchun ham joriy yildagi davlat dasturida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor berilgan», dedi Baxtiyor Sayfullayev.

13 aprel kungi videoselektorda prezident yoshlarga faqat kredit berish bilan ish bitmasligi, ularning ishlashi uchun sharoitlar ham yaratib berish lozimligini ta'kidlagandi.

«Bir narsani tushuninglar, yoshlar muammolarini faqatgina Yoshlar agentligi yoki Yoshlar ittifoqining o‘zi hal qiladi, deb o‘ylasak, xato bo‘ladi. Hali oldimizda bu borada o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab vazifalar turibdi. Yoshlar bandligini ta'minlash va ularga munosib daromad olishi uchun sharoit yaratib berish – eng muhim vazifa hisoblanadi. Yana bir bor takrorlayman, bu boradagi eng katta imkoniyat va zaxiramiz, bu – tadbirkorlik, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesdir», degan prezident.

Birinchi chorakda 12 ming nafar «yoshlar daftari»ga kirganlarga 255 milliard so‘m kredit ajratilgani ma'lum qilindi.

Mavzuga oid