O‘zbekiston | 13:29 / 26.04.2021
4979
3 daqiqa o‘qiladi

Furqatlik yigit Samarqand-u Buxoroga qarab piyoda safarga chiqdi

Foto: KUN.UZ

Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida yashovchi Baxtiyorjon Siddiqov piyoda dovon oshib Samarqand, Buxoro viloyatlaridagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishni maqsad qilgan.

Yaqinda 31 nafar farg‘onalik oqsoqollar Qo‘shtepa tumanidan velosipedda Samarqandga safarga chiqishgani, to‘rt kun deganda Samarqand shahrini ziyorat qilib yana Farg‘onaga qaytib kelganlari haqida xabar bergan edik. 

Bu borada farg‘onaliklar anchagina tashabbuskor chiqib qolishdi. Viloyatning Furqat tumanida istiqomat qiluvchi Baxtiyorjon Siddiqov Samarqand va Buxoro viloyatlarini ziyorat qilish uchun piyoda safarga otlandi. 

«Ertalab sahar yo‘lga otlanganman. Maqsadim Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi qadamjolarni ziyorat qilishdir. Qadimdan ota-bobolarimiz qanchadan qancha masofalarni piyoda bosib o‘tgan, hattoki Haj ziyoratlariga ham piyoda borishgan. Ushbu shaharlar ziyoratiga chet el davlatlaridan kelishganda, men shu yurtda yashab turib bora olmaymanmi degan fikr keldi va Allohga tavakkal qilib yo‘lga otlandim», — deydi sayohatchi yigit Kun.uz muxbiri bilan suhbatda. 

Baxtiyorning aytishicha, dastlab oila a'zolari uning piyoda sayohatga chiqish fikriga qarshi chiqqan. Biroq u o‘z maqsadini ota-onasi va yaqinlariga to‘g‘ri tushuntirdi. 

«Xonadonimizda avval qattiq qarshilik bo‘ldi, ayniqsa, ota-onam bu ish oson kechmasligini aytishdi. Ularga fikrimni, maqsadimni to‘g‘ri tushuntirdim. Buning uchun o‘n besh kundan ko‘p vaqt sarfladim. Oxiri ular tushundi. Oq fotiha berib, yo‘lga kuzatishdi», — deydi B.Siddiqov.

Asl kasbi qishloq xo‘jaligi texnikalari haydovchisi bo‘lgan Baxtiyorjon yoshligidan sport bilan muntazam shug‘ullanib kelgan. 

«Ushbu sayohatni rejalashtirganimdan so‘ng o‘zimni ruhan va jismonan tayyorlashga kirishdim. Oldiniga har kuni 25 kilometrdan yurishni boshladim. Sekin-asta kilometrlarni ko‘paytirib 80—100 kilometrgacha olib chiqdim. Shuncha masofani bosib o‘tganimdan so‘ng men ushbu sayohatga tayyorman deb o‘yladim».

Baxtiyorjon Siddiqov safari davomida yaxshi insonlarga duch kelayotgani, yaqinlari, do‘stlari har kuni telefon qilib uning hol-ahvolidan xabar olib turganini ta'kidladi.

Samarqand va Buxoroga yayyov borishni maqsad qilgan sayohatchi yigitga omad va oq yo‘l tilaymiz. 

Mavzuga oid