O‘zbekiston | 22:55 / 04.05.2021
29032
3 daqiqa o‘qiladi

DSQ Kasaba uyushmasi Kusherbayevni sudga berishga haqlimi?

Qonunchilikka ko‘ra, kasaba uyushmalari xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qiladi. DSQ Kasaba uyushmasi esa soliqchilarning buzilgan mehnat huquqlarini tiklashni emas, ularning ishchanlik obro‘sini himoyalashni da'vo qilmoqda.

Davlat soliq qo‘mitasi Birlashgan kasaba uyushmasi soliqchilarning ishchanlik obro‘sini himoya qilib, deputat Rasul Kusherbayevni sudga bergan.

«Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, kasaba uyushmalari tashkilotlari xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilib sudga da'vo arizasi kiritishga haqli ekani belgilangan.

Kun.uz muxbiri 4 may kungi matbuot anjumanida Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi Shuhrat Abbosovdan ushbu masalada munosabat bildirishni so‘radi.

Abbosov, Fuqarolik protsessual kodeksining 3-moddasiga asosan, har qanday shaxs buzilgan huquqini tiklash maqsadida sudlarga da'vo arizasi bilan murojaat qilish huquqiga ega ekani, uning da'vosi asosli yo asosli emasligi ishni ko‘rish yakunida qabul qilinadigan sud hujjatida aks ettirilishi, shu nuqtayi nazardan hali ishi ko‘rilmay turib, biror shaxsning da'vosini asossiz yoki da'vo kiritishga vakolatsiz deb topishga sudlar haqli emasligini ta'kidladi.

«Ma'lumki, Fuqarolik protsessual kodeksida da'vo ariza kelib tushgandan boshlab 10 kunlik muddatda sudya fuqarolik ishini qo‘zg‘atish masalasini hal qiladi. U ish hozir ana shu bosqichda. Shu tufayli men sudyaning mustaqilligi nuqtayi nazaridan boshqa tafsilotlariga to‘xtalolmayman», – dedi shahar sudi raisi o‘rinbosari.

Shuhrat Abbosov ushbu 10 kunlik muddatda sudya da'vo arizani qaytarish, da'vo arizani qabul qilishni rad etish yoki arizani ish yurituviga qabul qilib, fuqarolik ishini qo‘zg‘atish haqida 3 xil ajrimdan birini chiqarish vakolatiga egaligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Davlat soliq qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari Birlashgan kasaba uyushmasi Rasul Kusherbayev ustidan FIB Shayxontohur tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritib, deputatdan 4,6 milliard so‘m miqdorida ma'naviy zarar undirilishini va deputat OAV orqali raddiya berib, kechirim so‘rashini talab qilmoqda.

Ijro organi parlament vakilidan 4,6 milliard so‘m undirmoqchi bo‘layotgani jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Mavzuga oid