O‘zbekiston | 08:44 / 08.05.2021
27173
4 daqiqa o‘qiladi

Cho‘qqi ostonasidagi go‘sha – Shahrisabzning Ko‘l qishlog‘idan reportaj

Biroz avval Shahrisabz tumanidagi tog‘lar orasida joylashgan G‘yelon qishlog‘i haqida videoni e'lon qilgan edik. O‘sha videoni ko‘pchilik qiziqish bilan tomosha qildi. Endi uning ikkinchi qismi – Ko‘l qishlog‘i haqidagi videoni e'tiboringizga havola qilamiz.

Ko‘l qishlog‘iga borar ekanmiz unga eltadigan yo‘l oldingi manzil – G‘yelonga olib boradigan yo‘ldan xavfliroq ekanini ko‘rdik. Qishloqqa yetguncha bir necha o‘n kilometr yo‘lning bir tarafi daryo oqib turgan chuqur dara, ikkinchi tarafi esa istalgan vaqtda uzilib tushib yo‘lni yopib qo‘yishi mumkin bo‘lgan tog‘ qoyalaridan iborat.

Ko‘l qishlog‘ining mashhurligi shundaki, u O‘zbekistonning eng baland nuqtasi – Hazrati Sulton cho‘qqisi ostonasida joylashgan. Yaqin-yaqingacha yopiq bo‘lgan va oxirgi yillarda yana sayohatchilar uchun ochilgan bu cho‘qqiga chiquvchilar aynan Ko‘l qishloq orqali yurishadi.

Safarimiz avvalida biroz qishloq aylandik, keyin qishloq maktabiga borib, u yerda shahar maktablari havas qiladigan sharoitlar borligiga guvoh bo‘ldik. Ayniqsa ingliz tili va informatika fanlari o‘qitiladigan xonalar zamonaviy o‘quv qurollari bilan jihozlangan. Maktab davlat tomonidan yangi qurib berilgan.

Ko‘l qishlog‘i uncha katta emas, unda 1 500 kishi yashaydi. Qishloqda atigi 4 oy havo issiq bo‘ladi, qolgan vaqt yomg‘ir, qor yog‘adi. Qishloq to‘rt tarafdan tog‘lar bilan o‘ralgan. Odamlar asosan chorvachilik va tog‘ etaklaridagi qir-adirlarda dehqonchilik qilib kun ko‘radi.

Havo salqinligi sabab ko‘lliklar lalmi bug‘doyni 15-20 maydan boshlab eka boshlaydi. Bor yerlarga kartoshka ham ekishadi. Aytishlaricha, ba'zi yillarda kuzda bug‘doy hali pishib yetilmasdan qor yog‘ib, hosil qor ostida qolib ketadi.

Odamlar uzoq davom etadigan qishda uylarini o‘tin bilan isitadi. Bu qishloqlarda o‘tin muammosi yo‘q, chunki giyoh o‘sadigan har bir qarich yerga daraxt ekishgan. Odamlar tez o‘suvchi daraxtlardan kesib o‘tin g‘amlaydi. Ichimlik suvi ham muammo emas – tog‘ buloqlaridan polietilen quvurlarda suv tortib kelingan.

Biz borgan kun qishloqda kichik ko‘pkari tashkillashtirildi. Unda qishloq ahli va shu yaqin orada joylashgan chegara qo‘shinlarida xizmat qilayotgan askar yigitlar o‘zaro bahs olib borishdi. Farzandlarini ko‘rgani kelgan ota-onalar esa uloqqa sovrinlar qo‘yishdi.

Qishloqni biroz aylanib ortga qaytdik, chunki yopilib qolgan yo‘lni tozalash uchun buldozer yo‘lga chiqdi. Agar buldozerning orqasidan tushib qolsak, qishloqda qolib ketardik, chunki u borib yo‘lni tozalab kelguncha kech tushar edi. Yo‘l esa tor, bor-yo‘g‘i bitta mashina sig‘adi.

 

Ortga qaytar ekanmiz bu ajoyib qishloqqa tabiat uyg‘onganda yana kelishni maqsad qildik. Bu yerlarda ko‘klam yozda boshlanadi. Hozir esa qor ko‘pligi sabab O‘zbekistonning eng baland nuqtasiga olib boradigan adirlarga borib bo‘lmaydi, yo‘llar yopiq. Barchangizga O‘zbekistonning bu ajoyib joylariga bir kelishingizni maslahat beramiz.

G‘ayrat Yo‘ldosh, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid