Deputatlar ijtimoiy tarmoqlarga oid qonun amalda ishlashini talab qilmoqda
Facebook, Google, Telegram va boshqa servislar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma'lumotlarini jisman O‘zbekiston hududida saqlashi shartligi haqidagi modda kuchga kirgan. Deputatlar hukumatdan bu modda talabini tezroq bajarishni talab qilyapti. Kun.uz manbalariga ko‘ra, O‘zbekistonning so‘roviga hozircha faqat bitta kompaniya ijobiy javob bergan.
«Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan yangi 27-1-modda 16 apreldan qonuniy kuchga kirdi.
Bu moddaga asosan, ijtimoiy tarmoqlar va internet servislar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlarini jismonan O‘zbekistonda joylashgan serverlarda saqlashlari shart.
Bugun, 12 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi o‘tkazgan yig‘ilishda deputatlar bu norma kuchga kirganiga 1 oy bo‘lgan bo‘lsa-da, vakolatli davlat organi tomonidan mazkur soha bo‘yicha «ko‘zga ko‘rinadigan natijalarga erishilmagani» bois «jiddiy e'tiroz» bildirgan.
Palata axborotiga ko‘ra, majlisda Davlat personallashtirish markazi direktori Ulug‘bek Toshxo‘jayev so‘z olgan.
Toshxo‘jayevning aytishicha, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma'lumotlarni O‘zbekiston hududida joylashgan texnik vositalarda yig‘ish va saqlashni ta'minlash maqsadida xorijda faoliyat yuritayotgan «Facebook Inc.» (Facebook Messenger, Instagram, WhatsApp), Google (Google Messenger, YouTube), Mail.ru (Vkontakte, Odnoklassniki), Microsoft (Skype), Telegram, Tencent (Wechat), TikTok, Twitter, Yandex kabi kompaniyalarga qonunchilik talablarini bajarish haqida murojaat-xatlar yuborilgan.
Shuningdek, pd.gov.uz axborot tizimi orqali shaxsga doir ma'lumotlar bazalarining mulkdor va operatorlari davlat reyestriga kiritilmoqda.
Ta'kidlanishicha, deputatlar «so‘nggi yillarda yuqorida nomlari keltirilgan ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalarga turli xil kiberhujumlar uyushtirilishi oqibatida millionlab insonlar, qolaversa O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlari ham o‘g‘irlanayotgani»dan xavotirda.
Shu bois ular qonunchilik talablarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi va Davlat personallashtirish markaziga talab qo‘yishgan.
Qonunchilik palatasidagi rasmiy axborotga: «Facebook, TikTok, Telegram va shu kabi kommunikatsiya platformalari o‘z texnik vositalarini O‘zbekiston hududiga o‘tkazishlari shart», deya sarlavha qo‘yilgan.
Ma'lumot uchun, «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga kiritilgan qo‘shimcha 27-1-moddasida shunday deyiladi:
«Mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma'lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma'lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta'minlashi shart».
Ya'ni ushbu talabga ko‘ra, Facebook, Telegram, Instagram, TikTok, Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlar va Google, Mail.ru, Yandeks kabi internet servislar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlarini jismonan O‘zbekistonda joylashgan serverlarda saqlashlari shart bo‘ladi.
Kun.uz Davlat personallashtirish markazidan olgan ma'lumotga ko‘ra, hozir bu talab ijrosi yuzasidan ishchi guruh tuzilgan. Vazirlar Mahkamasining 255-sonli qarori va unga ilova tariqasida Nizom qabul qilingan. Nizom ilovasida O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma'lumotlariga ishlov berishning alohida shartlarini buzgan mulkdor va operatorlarni Shaxsga doir ma'lumotlar sub'yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga kiritish va undan chiqarish tartibi bayon qilingan.
Kun.uz manbalariga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekiston rasmiylarining barcha ijtimoiy tarmoqlar va internet servislarga yuborgan so‘roviga faqatgina Mail.ru ijobiy javob bergan.
Shuningdek, Yandeks ham bu masalani ko‘rib chiqishga tayyorligini, pandemiyadan so‘ng muzokaralar olib borishini bildirgan.
Facebook esa bu holat tarmoq foydalanuvchilari ma'lumotlarining xavfsizligiga zarar yetkazishidan xavotir bildirgan, lekin koronavirus pandemiyasi yakunlangach hukumat bilan muzokaraga kirishishi mumkinligini bildirgan.
Avvalroq, O‘zbekistondagi bu yangilikni Facebook kompaniyasi salbiy qarshi olganini bildirgan edi. Facebook Rossiya, Xitoy va O‘zbekiston kabi davlatlar bu yo‘l bilan so‘z erkinligini jilovlashga urinayotganidan xavotirdaligini ma'lum qilgan.
Mavzuga oid
19:05 / 25.12.2024
Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonga kirishni nega rad etayotgani ma’lum bo‘ldi
19:46 / 25.08.2021
Ijtimoiy tarmoqlar ruhiy salomatligingizga qanday ta'sir o‘tkazadi: ekspertlar fikri
22:03 / 24.08.2021
“O‘zbekistonda qonun bor, qonun ishlashi kerak” - “O‘zkomnazorat” rasmiysi ijtimoiy tarmoqlar cheklanayotgani haqida
17:26 / 19.08.2021