Jahon | 10:41 / 12.05.2021
13817
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng keksa aktyor vafot etdi

Foto: twitter.com

Amerikalik rejissyor, aktyor va prodyuser Norman Lloyd 106 yoshida vafot etdi. Lloyd faoliyatini davom ettirayotgan dunyodagi eng keksa aktyor sanalgan.

Variety nashriga ko‘ra, aktyor 11 may kuni Los-Anjyelesdagi uyida hayotdan ko‘z yumgan.

Lloydning do‘sti, prodyuser Din Xargrouvning ta'kidlashicha, marhum aktyor hayotining so‘nggi lahzalarigacha turli tanlovlar hakamlar hay'atida, festival va shoularda ishtirok etib kelgan. Uning aytishicha, Lloydning jiddiy kasalliklarga chalinmay uzoq umr ko‘rishi siri «yoqimsiz odamlardan nariroq yurishidan» iborat bo‘lgan.

Aktyor 1914 yil noyabrda AQShning Nyu-Jyersi shtatida dunyoga kelgan. U aktyorlik faoliyatini 18 yoshida boshlagan. 1932 yildan boshlab filmlarda suratga tushgan. U Alfred Xichkokning «Diversant» filmidagi (1942 yil) rolidan keyin tanilgan.

Biroq aktyorga haqiqiy mashhurlik 1980-yillarda, NBC telekanalida efirga uzatilgan «Sent-Elsver» dramasidagi shifokor rolidan keyin kelgan. Lloydning aktyorlik faoliyati 80 yildan ko‘proq davom etgan.

oldest.org sayti ma'lumotlariga ko‘ra, Lloyd 2021 yilda dunyodagi eng keksa aktyorga aylangandi. Keksa aktyor va aktrisalar ro‘yxatida undan keyingi o‘rinlarni 99 yoshli Betti Uayt va 98 yoshli Joan Kouplend egallagan.

Mavzuga oid