Jahon | 16:57 / 12.05.2021
43273
6 daqiqa o‘qiladi

Isroil-Falastin mojarosi: Yaqin Sharq qalbidagi yara

Isroil va Falastin o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishi ortida ikki tomon o‘rtasida hal qilinmagan muammolarning hamon yechimsiz holda qolayotgani yotibdi. Uchirilgan raketalar, havo bombardimonlari va o‘limlar esa Yaqin Sharq qalbidagi yarani badtar qonatmoqda.

Foto: EPA

Keyingi yillarda muammoning xalqaro yangiliklar kun tartibidan tushib qolgani uning hal qilinganini anglatmasdi. Ikki o‘rtada o‘zgarmay qolayotgan muammolar sabab tug‘ilgan nafrat va g‘azab po‘rtanasi yillar davomida, hatto butun boshli avlodlarning umri mobaynida zo‘ravonlik va o‘lim tegirmoniga suv quyib kelmoqda.

100 yildan ortiq vaqt davomida yahudiylar va arablar Iordan daryosi va O‘rta Yer dengizi oralig‘idagi yerlarda hukmronlik qilish uchun kurashib keladi. 1948 yilda tashkil topganidan beri Isroil falastinliklarni bir necha bor og‘ir mag‘lubiyatlarga duchor qildi, ammo uzil-kesil g‘alabaga erisha olmadi.

Shu narsa aniqki, to mojaro davom etar ekan, ikkala tomon ham o‘zini xavfsiz va xotirjam his qila olmaydi. Muqarrar bo‘lib turgan narsa ham shu – sodir bo‘layotgan voqealar rivoji yanada jiddiy oqibatlarga olib keluvchi yangi inqirozning tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.

Quddusning ahamiyati

Tsikl ko‘proq so‘nggi 15 yil ichida Isroil va G‘azo sektorini ajratib turuvchi chegaraga bog‘liq holda takrorlanmoqda.

Sodir bo‘lgan so‘nggi voqealar Quddus va muqaddas joylardagi ziddiyatning misli ko‘rilmagan zo‘ravonlikka aylanib ketish ehtimoli qanchalar yuqori ekanligini yana bir bor esga solmoqda.

Shaharning xristianlar, yahudiylar va musulmonlar uchun muqaddas sanalishi faqat diniy asoslar bilangina bog‘liq emas. Yahudiy va musulmonlarning muqaddas yerlari ayni paytda ikkala tomonning ham milliy ramzlarini tashkil etadi.

Geografik nuqtayi nazardan esa bu joylar tom ma'noda bir-biriga yaqin.

Iso payg‘ambarning qabri deb bilunuvchi va nasroniy falastinliklar uchun ham juda muhim bo‘lgan Muqaddas qabriston cherkovi Isroil nazorat punktining ortida joylashgan.

Ta'sir qiluvchi omillar

Voqealarni qo‘zg‘atgan omillardan biri ba'zi falastinlik oilalarning Isroil istilosi ostidagi Falastin yerlari hisoblanuvchi Sharqiy Quddusning eski shahar devorlari tashqarisida joylashgan Shayx Jarroh mahallasidagi yerlari va uylaridan chiqarib yuborilish tahdidi ostida qolganidir. 

Bu yerda masala bir necha uyning egalik huquqiga oid nizo bilangina bog‘liq emas. Gap Isroilning keyingi yillardagi barcha hukumatlari tomonidan amalga oshirib kelinayotgan Quddusni yahudiy shaharga aylantirish strategiyasi haqida bormoqda.

Shaharning bosib olingan yerlarida xalqaro huquq normalariga zid holda yahudiylarning yirik aholi punktlari qurildi. So‘nggi yillarda esa hukumat va ko‘chmanchilar Eski shahar devorlariga tutash Falastin uylarini birma-bir egallab olishga urinmoqda.

Bu kabi harakatlarga endi Ramazon oyida Isroil politsiyasining falastinliklarga nisbatan qattiq munosabatda bo‘lishi va musulmonlar tomonidan Makka va Madinadan keyin eng muqaddas joy sanaluvchi Masjid ul-Aqsoning ichiga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va ovozli granata otilishi kabi holatlar ham qo‘shildi.

Shu bois G‘azo sektori ma'muriyatidagi HAMAS Isroilga Masjid al-Aqso va uning atrofi hamda Shayx Jarroh mahallasidan o‘z kuchlarini olib chiqish yuzasidan ultimatum qo‘ydi. Keyin esa raketalar ishga solindi.

«G‘azodagi terroristik tashkilotlar qizil chiziqni kesib o‘tdi. Isroil bunga katta kuch bilan javob qaytaradi», deb yozdi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu o‘zining tvitterdagi sahifasida.

Qonli yaralar bitmaydi

Aslida, boshqa bir voqealar kombinatsiyasi ham shu kabi ziddiyatlarning avj olishiga olib kelishi mumkin edi.

Toki nizoli masalalar hal qilinmas ekan, zo‘ravonlik va ziddiyatli holatlar qayta-qayta sodir bo‘laveradi.

1995-2000 yillarda Quddusda yashagan BBC muxbirining ta'kidlashicha, Quddusda ikki tomon tinch-totuv yashashi mumkinligiga bo‘lgan umid tuyg‘usini 40 yoshdan oshgan quddusliklargina yaxshi ta'riflashi mumkin.

Tinchlik masalasi Falastin yoki Isroil rahbarlarining eng muhim kun tartibi bo‘lishi kerak. Ammo ikkala tomonning siyosiy rahbarlari ham o‘z ichki siyosiy kurashlari bilan band bo‘lmoqda, o‘z pozitsiyalarini saqlab qolishga harakat qilmoqda. Tinchlik masalasida esa yillar davomida jiddiy bir qadam tashlanganicha yo‘q.

Ba'zi yangi g‘oyalar ham ilgari surilmoqda.

Yaqinda ikkita nufuzli tadqiqot markazi Carnegie Endowment xalqaro tinchlik instituti hamda AQSh/Yaqin Sharq loyihasi tomonidan yaqinda e'lon qilingan qo‘shma hisobotda Falastin va Isroil uchun teng huquq, teng xavfsizlik berish kerakligi ta'kidlanadi.

Hisobotda AQSh «Isroilning nazorati ostidagi hududlarda yashovchi har bir insonning to‘liq tengligi va huquqlarini qo‘llab-quvvatlashi lozimligi, ikkita alohida tengsiz tizimni qabul qilmasligi kerakligi» ta'kidlanadi.

Albatta, yangi g‘oyalar yaxshi. Ammo dunyo hamon eski haqiqatlar, tanish ritorikalar va 100 yillik kurashning muqarrar portlashlari barcha narsani yanchib tashlayotganiga guvoh bo‘lmoqda.

Mavzuga oid