O‘zbekiston | 19:47 / 12.05.2021
16840
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Erdo‘g‘an bilan Quddusdagi vaziyatni muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutladilar. Ushbu muqaddas ayyomning barcha musulmonlar uchun alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etib, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor qildilar.

Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini batafsil muhokama qildilar. Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab sharoitda ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani ta'kidlandi.

Xususan, turli darajalarda o‘zaro almashinuv va muloqotlar faollashdi. 2021 yil boshidan tovar ayirboshlash 40 foizga ortdi, 164 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etildi, hududlar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Samarqand shahrida Turkiya konsulligi o‘z ishini boshladi. Ta'lim, kinematografiya va sport sohalarida qo‘shma madaniy-gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbarlari Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ekanini qayd etdilar.

Shu maqsadda iyun oyida Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda biznes-forum o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, transport, turizm, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning borishi ko‘rib chiqildi.

Telefon muloqoti chog‘ida yetakchilar xalqaro siyosat masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Prezidentlar Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi munosabati bilan chuqur xavotirda ekanliklarini bildirdi. Falastin–Isroil muammosi xalqaro huquq normalariga muvofiq, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan avval qabul qilingan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal etilishi lozimligi qayd etildi.

Turkiy kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasidagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratildi.

Mavzuga oid