O‘zbekiston | 11:00 / 13.05.2021
12214
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Mirzo Ulug‘bek ilmiy asarlariga monand aeroport qurilmoqda

Bu haqda Air Marakanda kompaniyasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Samarqand shahrida qurilayotgan xalqaro aeroport terminalining loyihasi g‘oyasi XIV asrdagi Movarounnahr buyuk hukmdori, shoir, astronom va matematik Mirzo Ulug‘bekning ilmiy asarlariga borib taqaladi.

«Ziji jadidi Kuragoniy» Ulug‘bekning asosiy ilmiy asari sifatida tan olingan, asarda astronomiyaning nazariy asoslari va 1000 dan ortiq yulduzning koordinatalari aks ettirilgan. Shunga muvofiq aeroport terminali yulduzlar turkumi aks ettirilgan ochiq kitob ko‘rinishiga ega va shu yo‘l bilan Mirzo Ulug‘bekning ilmiy asarlari tasvirlangan.

«Biz Samarqandni turistik xabga aylantirmoqchimiz. Buning uchun avvalo aeroport talab darajasida bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham Samarqand aeroporti yangi loyihasi biz uchun juda muhim», - dedi viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Nurullayev.

Xalqaro talablar

«AIR MARAKANDA» kompaniyasi Myunxen xalqaro aeroporti (Germaniya) va Istanbul xalqaro aeroporti (Turkiya) mutaxassislari bilan hamkorlikda O‘zbekiston uchun noyob bo‘lgan ORAT (Operational Readiness, Activation and Transition) – ekspluatatsion tayyorgarlik, ishga tushirish va operatsion faoliyatni yangi infratuzilmaga o‘tkazish metodologiyasi dasturini amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. Ushbu dastur aeroportni ishga tushirishda katta miqdordagi turli xil texnologik va biznes jarayonlarining murakkab tarmoqlarini tizimlashtirish va sinxronlashtirish imkonini beradi.

Yirik sayyohlik xabi

Lufthansa, KPMG va Freshfields Bruckhaus Deringer kabi kompaniyalar tomonidan yangi aeroport faoliyatini boshqarishning moliyaviy va huquqiy jihatlari ko‘rib chiqilmoqda. Myunxen va Istanbul aeroportlari ekspertlari va mutaxassislarining fikriga ko‘ra, ushbu tizim aeroportlarni boshqarish sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni ta'minlaydi, aviakompaniyalar, yo‘lovchilar va respublika aholisining ehtiyojlariga xizmat qiladi, shuningdek, «Samarqand» xalqaro aeroportini yirik transport va sayyohlik xabiga aylantiradi.

E'tiborli tomoni, aeroport qurilishiga 80 million dollar miqdorida xususiy investitsiya jalb qilingan. Yangi terminalni qurishga 500 dan ortiq mutaxassis jalb qilingan. Ishchilar soni — 567 kishi, muhandis va texnik xodimlar soni — 25 kishi, shundan mahalliy aholi vakillari — 561 kishi, chet ellik mutaxassislar soni — 6 kishi.

«Samarqand» xalqaro aeroporti yangi terminalining qurilishi 2021 yilning 1 sentyabrida yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Aeroport davlat-xususiy sherikchilik asosida faoliyat ko‘rsatadi.

Davlat-xususiy sheriklik — bu ijtimoiy ahamiyatga ega vazifalar bo‘yicha davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik bo‘lib, loyihalarni moliyalashtirish, qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha umumiy sa'y-harakatlarni amalga oshirishni nazarda tutadi, shuningdek, ushbu turdagi hamkorlik har ikki tomon uchun manfaatli shartlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

Davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi sheriklik natijasida tomonlar quyidagi afzalliklarga ega bo‘lishadi:

  • har ikki tomonning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda yuzaga keladigan qiyosiy ustunlik tufayli yanada rivojlangan infratuzilma yechimlarini qo‘llash imkoniyati;
  • loyihalarni tezroq va sifatli yakunlash, natijada foydani tezroq taqsimlash imkoniyati;
  • davlat-xususiy sheriklik loyihalarining yuqori rentabelligi, ikkala tomonning imkoniyatlarini birlashtirish innovatsion dizayn va moliyalashtirish usullarini qo‘llash imkoniyatini taqdim etadi;
  • yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni loyihaning dastlabki bosqichida baholash va taqsimlash imkoniyati;
  • xususiy sektorning tajribasi hisobiga xarajatlar o‘sishini cheklash imkoniyati;
  • xarajatlar samaradorligi va xususiy investitsiyalar hissasini oshirish hisobiga budjet defitsitini kamaytirish imkoniyati.

Bugungi kunda bunday shakldagi hamkorlik ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda o‘zini oqlagan.

Air Marakanda kompaniyasi axborot xizmati

Mavzuga oid