O‘zbekiston | 12:00 / 16.05.2021
11124
4 daqiqa o‘qiladi

Konchi-metallurglar kasb bayramini nishonlashdi

Foto: Olmaliq KMK

Mamlakatimizda may oyining uchinchi yakshanbasi O‘zbekiston konchilik metallurgiya sanoati xodimlari kuni sifatida keng nishonlab kelinadi.

Ushbu qutlug‘ sanani Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi bir qator yutuqlar bilan kutib oldi.

Jumladan, davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan e'lon qilingan 2020 yilni eng ko‘p foyda olgan korxonalar ro‘yxatida kombinat ham bo‘lib, jamoa o‘tgan yilni 3,9 trillion so‘m foyda bilan yakunlagan.

Kombinat joriy yilning 1-choragida ham ushbu sur'atni saqlab qolgan holda mahsulot ishlab chiqarish rejasini 112,9 foizga, eksport rejasini esa 160 foizga bajarishga erishdi.

Olmaliq shahrida konchi-metallurglar kunida o‘zgacha bir bayramona shukuh hukmron.

Konchi-metallurglar bayrami munosabati bilan Olmaliq shahridagi «Oltin olma» xiyobonida uch kun mobaynida taniqli estrada xonandalari ishtirokida konsert dasturlari tashkil etildi. Xalq sayillari va ko‘ngilochar tadbirlar olmaliqliklarga haqiqiy bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Bayram tadbirlari doirasida jajji bolajonlar uchun ham konsert tashkil etildi.

Kombinat mehnat jamoasi uchun bayram tadbiri to‘liq rekonstruksiya qilingan sanatoriy-profilaktoriy hovlisida o‘tkazildi.

Bayram munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda kombinat boshqaruv raisi mehnat jamoasining erishgan yutuqlarini e'tirof etib, ilg‘or ishchi-xodimlarga «Konchilik shuhrati» ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlarni va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.

Kombinatning 38 mingdan ziyod ishchi xodimlariga bir martalik pul mukofoti berildi.

Bayram tadbirida «Metallurg» madaniyat saroyi havaskorlik guruhlari va taniqli sana'tkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Ayyom arafasida kombinat mehnat ahli uchun bir qator obektlar ham foydalanishga topshirildi.

Xususan, ishchi-xodimlar va ularning oila a'zolarini salomatliklarini tiklashlari uchun zamonaviy sanatoriy-profilaktoriy tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Kombinat rahbariyati tashabbusi bilan zamonaviy qiyofaga keltirilgan va hattoki respublikaning eng so‘lim sihatgohlari bilan raqobatlasha oladigan sanatoriy-profilaktoriy 210 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, barcha sharoitlar muhayyo qilindi.

Bu yerda kutubxona, tuz xonasi, sport maydonchasi, qo‘shimcha sog‘lomlashtirish muolajalari uchun basseyn, turk va fin saunasi, yangi fitobarlar tashkil etildi. Davolash jismoniy tarbiyasi uchun barpo etilgan yangi zal ham zamonaviy trenajyorlar bilan jihozlandi. Bundan tashqari, piyod sayr uchun yo‘laklar qurildi. Bu piyoda yurish orqali davolanishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, sihatgohda suv bilan davolash muolajalari ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bunda marvarid vannalari, suv osti dushi massaji, Vishi dushi, sirkulyar va yomg‘irli dushlar, Sharko dushi, basseyn va saunalar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, dam oluvchilar uchun balchiq, ozokerit va turli xil chastotadagi toklar bilan davolash, lazeroterapiya, galoterapiya, gidroaeroionizatsiya, limfodrenaj, pressoterapiya, turli xil massajlar, umurtqa pog‘onasini traksion tortish, fitobar va kislorod kokteyllari kabi muolaja turlari qo‘llaniladi. 

Shuningdek, kombinatning Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi mehnat jamoasi uchun yozgi “Bayramlar uyi” ham foydalanishga topshirildi. Turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar, ko‘ngilochar dasturlar, anjumanlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan mazkur obektning qurilish ishlari 2019 yilda boshlangan edi.

500 o‘rinli ushbu yangi foydalanishga topshirilgan majmuada temiryo‘lchilar dasturxon atrofida ayyomni nishonlashdi.

Mazkur obektlarning O‘zbekiston konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni arafasida foydalanishga topshirilishi kombinat ishchi-xodimlariga tuhfa etilgan ayyomga o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi.

OKMK Axborot xizmati

Mavzuga oid