Jamiyat | 16:31 / 17.05.2021
20520
7 daqiqa o‘qiladi

«Tirikchilik bodring va uzumdan» - Oltiariqning Yangiarab qishlog‘ida bir kun

Oltiariq ahli qishdayoq bodring urug‘ini yerga qadaydi. Keyinroq, hali kunlar isib ketmasdan tok tagiga ham «yer bodring» ekishadi. Bodring bilan uzumni birga parvarish qilish boshlanadi...

Kun.uz olis hududlarda istiqomat qilib kelayotgan qishloq ahli hayoti haqida lavha tayyorlashda davom etadi. Navbatdagi manzil Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumanidagi Yangiarab qishlog‘i bo‘ldi.

Yangiarab qishlog‘ining xonadonlaridan biriga erta tongdan kirib bordik. Qishloq allaqachon uyg‘ongan, xo‘rozlarning qichqirishi quloqqa chalinadi...

Oila boshlig‘i Ilhomjon Dadaboyev

Tong saharda hovli ichkarisida bizni xonadon sohibi Ilhomjon Dadaboyev kutib oldi. Duodan so‘ng xonadon sohibining o‘g‘illari Hasanboy va Husniddin bilan bodring ekilgan issiqxonaga kirdik.

Hash-pash deguncha ikki qop bodring uzildi. Bodringlar chelaklarga solinib hovli sahniga to‘kib kelindi. Aka-uka Hasanboy va Husniddin maxsus sellofan qopga bodringlarni joylay boshlashdi.

Oilaning yana bir a'zosi Husanboy esa bu vaqtda xamirdan zuvala yasab, non yopishga hozirlik ko‘rardi. Oila yaqinda ko‘cha tomonga tandir qurib, novvoylikni ham boshlagan ekan.

Aka-ukalar yangi uzilgan bodringlarni qopga joylagandan so‘ng birgalashib uni sotgani bozorga olib ketdik. Hovlidan taxminan 5 km uzoqlikda Eskiarab qishlog‘ida ulgurji bodring bozori bo‘lib, oltiariqliklar tong sahardan bodring bozorga borishar ekan. Ikki ko‘cha atrofida tumonat odam to‘plangan. Kimdir bodring sotar, yana kimlardir bodring olish uchun dehqon bilan narx talashardi.

Oradan 10 daqiqalar o‘tib, olib kelingan ikki qop bodring xaridorlardan biriga sotildi. Aka-ukalar pulni sanab olib, uyga qaytishdi.

Bu vaqtga kelib, kun ko‘tarilgan, Ilhomjon tog‘aning nevaralari uyg‘onib, hovlida o‘ynab yurishgan ekan. Oilaning kenja farzandi Husniddin bu orada tokni xomtok qilishga tushib ketdi. Hasanboy tok tagida ekilgan bodringlarga ishlov berishga kirishdi. Husanboy esa non yopardi.

Oradan biroz o‘tgach novvoy Hasanjon asalarilarga qaradi. Husniddin quyon va tovuqlarga yem berdi.

Oddiy qishloq hayoti. Qishloq ahlida tinim yo‘q. Oila daromadi bodring, uzum va novvoylikdan kelayotgan mablag‘dan.

* * *

«4 nafar farzandim bor: 3 o‘g‘il va bir qiz. Yaratganga shukr, qizimni chiqardim, o‘g‘illarimni ham uyli-joyli qildim. 4 nevaram bor. Tirikchiligimiz asosan bodring va uzum orqasidan. 

Ikki yil avval issiqxona qurdik. Allohga shukr, daromad yaxshi. 15 kunlar bo‘lib qoldi, novvoyxona qurib ishga tushirdik. Husanboy o‘g‘lim novvoylik qilyapti. Novvoylikni endi boshlaganimiz bois kuniga hozircha yarim qop undan non yopyapmiz. Kelinlarning hammasi unga yordamchi.

Erta tongda nonushtadan so‘ng hamma o‘z ishini bilib qilaveradi. Husanboy non yopishga kirishsa, Hasanboy va Husniddin o‘g‘illarim bodringni uzib, sotib kelishadi. Bodring kilosini boshida 10 ming so‘mdan sotgan bo‘lsak, hozir narxi biroz tushgan. 

Issiqxona ishi fevral oyidan boshlanadi. Avval bodring ko‘chatini o‘stirib olib, martning 8-sanasida ekib chiqdik. Bahor fasli injiq kelishiga qaramasdan, ekinlarni saqlab qolish uchun kechalari bilan o‘t yoqib chiqdik. Mehnatimiz samarasi o‘laroq, hozirda bodringlarni har kuni sotib kelib pulini ro‘zg‘orga ishlatyapmiz.

Bodring haqida gapiradigan bo‘lsam. U asosan tunda katta bo‘ladi. Uni tong saharda uzmasa, tez so‘lib qoladi. Iloji boricha, tong saharda uzib, egasiga yetkazib berish kerak. Kun issig‘ida terilgan bodringlar uzoqqa bormaydi.

Bodringdan yiliga o‘rtacha 30–40 million so‘mlik daromad qilamiz. O‘tgan yili aprel oyidan avgust oyigacha bodring uzdik. Bodringga yaxshi parvarish kerak.

O‘tgan yili har bir bodring ko‘chati orasini 30 sm qo‘ygandik. Bu yil sinov tariqasida har 20 sm.ga ekib chiqdik. Issiqxona doim kuzatuvda bo‘lishi kerak. Uning namligi, havosiga e'tibor berib turish lozim.

Uyda asalari ham parvarish qilamiz. O‘tgan yildan buyon asalari boqib kelyapmiz. O‘tgan yili kichik bir yashikchadan 9 kilo asal oldik. Bu yil asalarini yana ko‘paytirmoqchimiz. Quyon ham boqamiz. Uni ham sharoitga qarab ko‘paytirish rejamizda bor. Qishloq ahli doim nima bilandir band. Shu bilan hayot ham qiziq.

O‘g‘illarim 3-4 yil Rossiyaning achchiq-chuchugini totib keldi. Ming qilsa ham o‘z vataningga yetmaydi. O‘g‘illarimning qo‘lida hunari bor. Dehqonchilikdan tashqari, ular quruvchilik bilan shug‘ullanishadi. Pandemiya sharoitida qiyinchilik bo‘ldi. Lekin hozir hammasi iziga tushib ketdi. O‘zimizni o‘zimiz ish bilan ta'minlashni boshladik.

Uzum haqida gapirib bermoqchiman. Men o‘zim uzumning rizamat naviga qiziqib qoldim. Bu nav nozik bo‘ladi, kuchli yer talab qiladi. Lekin mehnatingizga yarasha hosil ham beradi. Ko‘pchilik bog‘bonlar uning mehnatidan qochishadi. Rizamatdan tashqari mers, husayni, kishmish, charos navlarini parvarish qilamiz. Uzum parvarishidan oltiariqliklar orasida hech kim kam bo‘lgani yo‘q. Uzib qo‘ygan uzumlarimiz bahorgacha turadi.

Kuzda tok tagiga go‘ng solib, dorisini vaqtida bersangiz, uzum sizni «xafa» qilmaydi. Aytgan narxingizga sota olasiz. Rizamat uzumi suvni yoqtiradi. Uzum ko‘chatini asosan sovuqdan himoya qilish kerak.

Tomorqam 18 sotix. Uzum tagiga golland bodring navini ekkanmiz. Chunki bu nav quyoshni ko‘p yoqtirmaydi. Shuning uchun ham tok tagida – salqinda bodringning golland navi yaxshi bo‘lyapti», – deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda oila boshlig‘i Ilhomjon Dadaboyev.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid