Jahon | 17:04 / 18.05.2021
10916
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil zarbalari oqibatida G‘azo sektoridagi 132ta bino vayron bo‘ldi

G‘azo sektori sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lum qilishicha, raketa zarbalari oqibatida koronavirusni aniqlash bo‘yicha yagona laboratoriya faoliyati to‘xtab qolgan. 

Foto: Reuters

Isroilning raketa zarbalari oqibatida G‘azo sektorida kamida 132ta bino vayron bo‘ldi, o‘nlab maktab va shifoxonalarga zarar yetdi

BMT gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasining ma'lumotlariga ko‘ra, «132ta bino butkul vayron bo‘ldi, 316ta uyga zarar yetdi va yashashga yaroqsiz holga keldi. Yana 6500ta uyga o‘rtacha yoki sezilarsiz darajada shikast yetgan». 

Bundan tashqari, oltita shifoxona va to‘qqizta tibbiyot muassasasiga zarar yetgan.

G‘azo sektori sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lum qilishicha, raketa zarbalari oqibatida koronavirusni aniqlash bo‘yicha yagona laboratoriya faoliyati to‘xtab qolgan. 

BMT boshqarmasining ma'lumot berishicha, 42ta maktab, ikkita bolalar bog‘chasi, BMTning Yaqin Sharqdagi agentligiga qarashli mashg‘ulot markaziga raketa zarbalari oqibatida zarar yetgan. Falastin ta'lim vazirligi qaroriga muvofiq, maktablar faoliyati to‘xtatilgan, natijada 600 ming nafar o‘quvchi maktabda ta'lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. 

Isroil armiyasining ma'lumot berishicha, 10 maydan buyon falastinliklar Isroilga 3350ta raketa yo‘llagan, ularning 90 foizi «Temir gumbaz» mudofaa tizimi tomonidan tutib qolingan. Shu vaqt mobaynida G‘azo sektorida 1500dan ortiq obektga zarba berilgan, ko‘plab raketalar aholi yashash joylariga tushgan.  

Mavzuga oid