O‘zbekiston | 16:01 / 18.05.2021
6151
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tashkil etilmoqda

Prezident “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi negizida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tashkil etilmoqda.

Belgilanishicha, Paralimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Quyidagilar Paralimpiya qo‘mitasining asosiy vazifalari etib belgilanyapti:

  • paralimpiya sport turlarini ommaviylashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • yozgi va qishki paralimpiya sport turlarini rivojlantirishga ko‘maklashish, sport obektlari va inshootlarining konsepsiyalari, texnik topshiriqlari, texnik-iqtisodiy asoslari/parametrlari va boshqa loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
  • paralimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar va chempionatlar, forumlar, konferensiyalar, seminarlar va yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib boshqa tadbirlarni o‘tkazish, shuningdek, ular orqali tinchlik, do‘stlik va o‘zaro tushunish g‘oyalarini targ‘ib-tashviq qilish;
  • paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanadigan trenerlar, uslubchi-yo‘riqchilar hamda boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va kasbiy rivojlantirishning zamonaviy va samarali tizimini joriy etish;
  • respublikada yoki boshqa xalqaro sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) va boshqa tashkilotlarida o‘z a'zolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish, o‘z a'zolarini axborot, ilmiy-uslubiy va moddiy-texnik jihatdan ta'minlash;
  • paralimpiya sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha klublar faoliyatini tashkillashtirish va samarali boshqarish, milliy va xalqaro sport tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilish va tajriba almashish.

Joylarda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida Paralimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

  • 2021 yil 1 sentyabrga qadar hududiy paralimpiya bo‘linmalarining moliyaviy hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tegishli hududda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish uchun homiylar biriktirilishini, shuningdek, ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar ajratilishini;
  • Turizm va sport vazirligi, Paralimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda hududlarda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
  • 2022 yildan boshlab tasdiqlanadigan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan hududiy paralimpiya bo‘linmalariga mablag‘ ajratilishini ta'minlaydi.

Paralimpiya qo‘mitasining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 24 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi ma'qullandi.

Paralimpiya qo‘mitasi 2021 yil yakuniga qadar Paralimpiya qo‘mitasi huzurida paralimpiya sport turlari bo‘yicha klublarni tashkil etadi, ular faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda saqlash bilan bog‘liq moliyaviy va tashkiliy masalalarni o‘z vaqtida hal etadi.

Mavzuga oid