O‘zbekiston | 11:17 / 18.05.2021
93739
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosi ish vaqti o‘zgarmoqda

21 maydan Toshkent metropolitenining Chilonzor va O‘zbekiston yo‘llarida harakat soat 23:00da to‘xtatiladi.

«2021 yil 21 maydan boshlab metropoliten Chilonzor va O‘zbekiston yo‘llarining ish tartibi vaqtincha soat 06:00dan 23:00gacha etib belgilanadi», deyiladi «O‘zbekiston temir yo‘llari» rasmiy xabarida.

Ma'lumot uchun, shu kungacha Toshkent metropolitenining «Yunusobod» yo‘nalishi soat 23:00gacha, «Chilonzor» va «O‘zbekiston» yo‘nalishlari esa soat 05:00dan 00:00gacha ishlab kelardi.

Toshkent metrosida so‘nggi oylarda ko‘plab ko‘ngilsiz hodisalar kuzatildi.

18 mart kuni «Olmazor» (Chilonzor yo‘li) va «Bekat-1» (Sergeli yo‘li) orasidagi tunnelda ikki poyezd to‘qnashgandi.

7 aprel kuni Toshkent metrosida ikki poyezd to‘qnashgani haqida xabar tarqaldi. Rasmiy izohda texnik sabablarga ko‘ra «G‘ofur G‘ulom» bekatida yo‘lovchilar poyezddan tushirilib, zaxiraga kelgan navbatdagi poyezdga o‘tkazib yuborilgani, yo‘lovchilar tushirilgan poyezd boshqa poyezd yordamida shatakka olinib, «Beruniy» bekatiga olib kelingani ma'lum qilindi. 

8 aprel kuni Sergeli yerusti metrosida poyezd yarim yo‘lda to‘xtab qoldi. Yo‘lovchilar temir yo‘l bo‘ylab piyoda yurishga majbur bo‘ldi.

9 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda poyezdning ochiq eshiklar bilan harakati tushirilgan video tarqaldi. 

28 aprel kuni tunnelda to‘xtab qolgan poyezd haqidagi video tarqaldi, unda yo‘lovchilar relslar orqali harakatlanib, bekatga yetib olgani tasvirlangan.

7 may kuni soat 21:10 dan 22:00 gacha Toshkent metropoliteni Halqa yo‘lining 7-bekatida elektr energiyasi o‘chib qolgandi. Metrodagi nosozlik tufayli shahar jamoat transportida yuqori darajadagi tirbandliklar yuzaga keldi. «Chilonzor» yo‘lida harakat to‘xtab qolgani tufayli bekatlarda to‘planib qolgan yo‘lovchilar tashqariga chiqishga majbur bo‘lishgan.

13 may kuni esa Toshkent metropoliteni «Amir Temur xiyoboni» bekatida barcha yo‘lovchilar tushirib yuborildi, ijtimoiy tarmoqlarda voqea aks etgan videolar tarqaldi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasining holat yuzasidan bergan izohida aytilishicha, shu kuni Chilonzor yo‘nalishida texnik-profilaktika ishlari olib borilishi munosabati bilan soat 10:30 dan 11:00 gacha poyezdlar aylanmasi «Amir Temur xiyoboni» bekatiga amalga oshirilgandi.

Mavzuga oid