O‘zbekiston | 12:59 / 19.05.2021
11354
2 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda yakuniy va bosqichli imtihonlarni o‘tkazish tartibi ma'lum qilindi

O‘zbekistonda yakuniga yetayotgan o‘quv yilida yakuniy imtihonlar karantin qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkaziladi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy o‘quv yilida barcha umumta'lim maktablarida bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlari o‘quvchilarning sog‘lig‘ini himoyalash, karantin qoidalariga qat'iy rioya etgan holda o‘tkaziladi.

“Imtihonlar o‘tkazilishidan oldin ta'lim muassasalarida dezinfeksiya ishlari olib boriladi, o‘quvchilar imtihonlarga sanitar-gigiyena qoidalariga rioya etgan holda, himoya vositasida (tibbiy niqob) kiritilib, binoga kirishdan avval tibbiy xodimlar tomonidan ularning tana harorati o‘lchanadi va oraliq masofani saqlashlari ta'minlanadi”, dedi Laylo Rustamova.

Shuningdek, agar umumta'lim muassasasi karantinga yopilgan bo‘lsa, imtihonlar karantin muddati tugaganidan so‘ng yuqoridagi talablar asosida, karantin qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda o‘tkaziladi.

Ma'lumot uchun, koronavirus pandemiyasi tufayli o‘tgan o‘quv yilida barcha ta'lim muassasalarida imtihonlar to‘xtatilgan va o‘quvchilar avvalgi uchta chorak asosida baholangan edi.

Mavzuga oid