O‘zbekiston | 20:37 / 19.05.2021
20917
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tuzildi

«O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezident qarori imzolandi.

Qaror bilan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tuzildi.

Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy vakillari lavozimlari joriy etilmoqda.

Agentlikning asosiy vazifalari quyidagilar bo‘ladi:

  • aholi orasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish
    va ularni mukammal o‘zlashtirish uchun zarur sharoitlar yaratish, xorijiy tillarni o‘qitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari ta'limning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtirish hamda o‘qituvchilarda zamonaviy o‘qitish ko‘nikmalarini rivojlantirish;
  • hududlar, tarmoqlar va ta'lim muassasalarining xorijiy tillarni o‘zlashtirgan mutaxassislarga ehtiyojlarini tahlil qilish natijalari asosida talab yuqori bo‘lgan xorijiy tillarni o‘qitishni tashkillashtirish;
  • xorijiy tillarni o‘qitish sohasida «bog‘cha-maktab-oliy ta'lim tashkiloti-korxona» tamoyilidagi uzluksiz ta'lim zanjirini joriy etish maqsadida aholining barcha qatlamlariga mos bo‘lgan tilni o‘rganish bo‘yicha uslubiyot va tavsiyalarni ishlab chiqishni muvofiqlashtirish;
  • xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish, tilning asosiy ko‘nikmalarini shakllantirish uchun videorolik, o‘yin, ko‘ngilochar ko‘rsatuv, filmlar va boshqa o‘rgatuvchi kontent yaratilishini tashkil etish;
  • davlat tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish uslubiyotlarini yaratish hamda ushbu yo‘nalishda mutaxassislarning malakasini oshirishda ko‘maklashish;
  • hududlar, tarmoqlar, davlat organlari va ta'lim tashkilotlari kesimida xorijiy tillarni bilish reytingini yuritish, xorijiy tillarni o‘rganishni yanada ommalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlari Vazirlar Mahkamasi qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Agentlik xodimlari mehnatga haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish sharoitlari bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi markaziy apparati xodimlariga tenglashtiriladi.

Agentlik boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 73 nafar, shu jumladan markaziy apparatida 31 nafar va agentlikning hududiy vakilliklarida 42 nafarni tashkil etadi.

Agentlik va uning vakillari O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Chet tillarini o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazining 34 ta shtat birligi, Xalq ta'limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimining 39 ta shtat birligi hisobidan tashkil etiladi.

Mavzuga oid