Sport | 04:06 / 21.05.2021
14150
2 daqiqa o‘qiladi

Qozonda 2018 yilgi jahon chempionati vaqtida o‘g‘irlangan zeb-ziynatlar topildi

Foto: Tatariston IIV

Tatariston poytaxti Qozonda politsiya xodimlari Rossiyada o‘tgan futbol bo‘yicha 2018 yilgi jahon chempionati vaqtida o‘g‘irlangan zeb-ziynatlarni topishga muvaffaq bo‘lishdi. O‘g‘irlangan zargarlik buyumlari qiymati 160 mln rublni tashkil qilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning zargarlik kompaniyalaridan biriga tegishli zeb-ziynatlar solingan jomadon 2018 yil iyulda Qozon yarmarkasi hududida o‘g‘irlangan. Jomadonning yo‘qolgani aeroportda aniqlangan.

Tataristonlik politsiyachilar voqea joyidagi kuzatuv kameralaridan olingan yozuvlarni, biologik izlarni o‘rganib, o‘g‘rilikni sodir etgan shaxsni aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan. Jinoyatchi kolumbiyalik Valero Valero Edgar Alexandro ismli shaxs bo‘lib chiqqan. U qimmatli yukni qadoqlashda ishtirok etgan. Shundan keyin jinoyatchi xalqaro qidiruvga berilgan va 2019 yil sentyabrda Argentinada qo‘lga olinib, 2021 yil martida Rossiyaga ekstraditsiya qilingan.

Kolumbiyalik o‘g‘rilikni sodir etganini tan olgan va zargarlik buyumlarini Qozondagi daraxtzorlardan biriga yashirib qo‘yganini ma'lum qilgan. U zeb-ziynatlar yashirilgan joyni aniq ayta olmagan va shu sababli politsiyachilar ehtimoliy joydagi katta hududni tekshirib chiqishlariga to‘g‘ri kelgan. Ularning urinishlari zoye ketmagan va natijada 4ta qopga solingan zargarlik buyumlarini topishga muvaffaq bo‘lingan.    

Rossiyada 2018 yilda o‘tkazilgan jahon chempionatining 4ta uchrashuvi Qozonda bo‘lib o‘tgan. Ulardan birida Kolumbiya terma jamoasi Polsha bilan uchrashgan.

Mavzuga oid