Jahon | 19:54 / 22.05.2021
6481
2 daqiqa o‘qiladi

Kambag‘al mamlakatlar koronavirus ixtiyoriga topshirib qo‘yildi – BMT bosh kotibi

Antoniu Guterrish pandemiyaga qarshi kurash ikkita parallel yo‘ldan ketayotganini qayd etdi.

Foto: news.un.org

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish «katta yigirmatalik» mamlakatlarni vaksinani adolatli tarzda taqsimlash to‘g‘risidagi va'dasini bajarishga chaqirdi. Bu haqda BMT yangiliklar markazi xabar bermoqda.

Antoniu Guterrish pandemiyaga qarshi kurash ikkita parallel yo‘ldan ketayotganini qayd etdi.

«Vaksinalar, testlar, dori-darmon va tibbiy vositalarga adolatsiz ravishda ega bo‘lish kambag‘al mamlakatlarni virus ixtiyoriga topshirish bilan yakunlandi. Hindiston, Janubiy Amerika va koronavirus avj olgan boshqa hududlarda odamlar ko‘z o‘ngimizda qirilmoqda», - dedi u.

«Biz virus bilan urush holatidamiz. Virusga qarshi kurashayotgan ekanmiz, qurollarimizni harbiy iqtisodiyot qoidalariga mos holda qo‘llashimiz zarur», - dedi BMT bosh kotibi.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus koronavirusga qarshi vaksina yetarlicha taqsimlanmaganligini ta'kidlagandi.

U boy mamlakatlarni bolalarni koronavirusga qarshi emlamaslikka, birinchi navbatda vaksinani kambag‘al mamlakatlar bilan bo‘lishishga chaqirgan.

Mavzuga oid