O‘zbekiston | 17:53 / 24.05.2021
10780
2 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi

Jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va boshqa tashkilotlarga davlat tilidan boshqa tillarda murojaat qilish huquqi saqlab qolindi.

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Bu haqda quyi palata matbuot xizmati yurituvidagi Telegram kanalida ma'lum qilindi.

«Qonun loyihasi shu yilning 27 aprel kuni parlament quyi palatasida deputatlar tomonidan moddama-modda ko‘rib chiqilgandi. Unda qonun loyihasining 12-moddasidan tashqari barcha moddalar ma'qullangan. O‘tgan vaqt mobaynida loyihaning 12-moddasi qo‘mita ishchi guruhi, tegishli mutasaddi tashkilotlar, shuningdek, olimlar tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, barcha bildirilgan e'tirozlar bartaraf etildi hamda berilgan takliflar inobatga olindi.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasiga ham tegishli o‘zgartish kiritilmoqda. Mazkur modda orqali davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma'muriy jazo chorasi kuchaytirilmoqda.

Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi», – deyiladi xabarda.

Ma'lum bo‘lishicha, ma'qullangan qonunning 12 moddasida «Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarga davlat tilida murojaat qilinadi. Zarur hollarda boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ham ta'minlanadi», – deya belgilanmoqda.

Mavzuga oid