O‘zbekiston | 09:55 / 25.05.2021
39854
2 daqiqa o‘qiladi

Shoazim Minovarov O‘zbekiston prezidentining maslahatchisi etib tayinlandi

O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan davlat rahbarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi tayinlandi.

Hujjatga ko‘ra, Shoazim Minovarov O‘zbekiston prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ish boshladi.

Shoazim Minovarov 1951 yil tug‘ilgan. 1997 yil 27 iyundan 2006 yil 1 avgustgacha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, raisi bo‘lgan. 2006 yil 1 avgustdan 1 dekabrigacha - O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi, 2006 yil 1 dekabrdan 2008 yil 28 iyungacha - O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari.

U 2008-2012 yillarda O‘zbekistonning Misrdagi elchisi bo‘lgan, 2013 yilda pensiyaga chiqarilgan. 2015 yil aprel oyidan 2017 yil iyul oyigacha Toshkentdagi Fransuz alyansi raisi bo‘lgan. 2017 yil iyul oyida Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan Islom madaniyati markazining direktori etib tayinlangan. Fransiyaning «Xizmatlari uchun» (01.2017 y.), O‘zbekiston Respublikasining «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (28.08.2020).

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi Rustam Qosimov 2021 yil 7 may kuni olamdan o‘tdi. U 2018 yilda prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ish boshlagandi, 2019 yildan buyon O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga ham rektorlik qilib kelayotgandi.

 

Mavzuga oid