Jamiyat | 12:20 / 27.05.2021
6374
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijda 1,7 million o‘zbekistonlik mehnat muhojiri bor - Qonunchilik palatasi

Qayd etilishicha, ayni paytda Rossiyadagi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy fuqarolar soni bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinda turadi.

Foto: RIA Novosti

Joriy yilning 26 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda 1,7 million o‘zbekistonlik chet elda, asosan, Rossiya va Qozog‘istonda mehnat qilmoqda. Mamlakat aholisining 55 foizdan ortig‘i yoshlardan iboratligi hamda yiliga mehnat bozoriga 600 mingga yaqin ishchi kuchi kirib kelayotgani mazkur muammoni yanada chigallashtirayotgani ta'kidlangan.

Qayd etilishicha, ayni paytda Rossiyadagi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy fuqarolar soni bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinda turadi.

Shuningdek, vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha Rossiyaning 26 ta, Qozog‘istonning 14 ta ish beruvchi korxonalari bilan hamkorlik shartnomalari, shuningdek, Rossiya o‘rta maxsus va oliy ta'lim muassasalari bilan O‘zbekiston fuqarolariga kasbiy ta'lim berish, uni baholash hamda rus tiliga o‘rgatish ishlari bo‘yicha ikki davlat hududida amalga oshirishga qaratilgan bitimlar imzolangan. 

Xorijda mehnat migrantlarini huquqiy, moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq bir qancha muammolar yuzaga kelmoqda. Xususan, ish beruvchining shartnoma shartlarini bajarmaslik, ish haqini kechiktirish yoki to‘lamaslik, mehnat va migratsiya talablariga rioya qilmaslik, soliqdan qochish uchun migrantlarni norasmiy ishlatish holatlari ko‘p kuzatilmoqda.

Yig‘ilishda mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash maqsadida «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilishni tezlashtirish masalasi ko‘rib chiqilgan.

Avvalroq, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali Rossiyaga ishlagani borgan o‘zbekistonliklar yashash sharoitlari va maoshlar va'da qilingandek emasligi, xodimlar manfaatiga zid mehnat shartnomalari tuzilayotganini ta'kidlashgandi.

Mavzuga oid