Jahon | 13:55 / 01.06.2021
12233
6 daqiqa o‘qiladi

Ryanair layneri birinchi emas. Yana qaysi samolyotlar majburan qo‘ndirilgan?

Gretsiya poytaxti Afinadan Litva poytaxti Vilnyusga uchgan Ryanair samolyoti 23 may kuni Belarus osmonidan uchib o‘tayotganda qo‘ndirilgach, bu voqea ko‘p mojarolarni boshlab yubordi. Samolyot bortida bomba borligi aytilib, uni qo‘ndirish uchun qiruvchi samolyot ham jalb qilindi.

Hodisa Yevropada jiddiy xavotir uyg‘otdi. Yevropa Ittifoqi Belarus bilan aviaqatnovlarni to‘xtata boshladi. BMT Ryanair samolyotining majburan qo‘ndirilishini kuch ishlatib qo‘ndirish, deb baholadi. Chunki 1944 yilda qabul qilingan Chikago konvensiyasida yo‘lovchi samolyotlarni qiruvchi samolyot yoki prezident samolyotlari yordamida qo‘ndirishga ruxsat etilmagan.

Belarusda bu voqealarni bir qarashda zaharxanda bilan qarshi olishdi va go‘yoki bu mamlakat aviatsiyasiga jiddiy ta'sir qilmaganini aytishdi. Biroq Belarus aviatsiyasi xaos holatiga tushib qoldi. Yevropa osmoni Belarus samolyotlari uchun yopildi, «Belavia» uchoqlari sarson bo‘la boshladi.

Lukashenko bu muammoni Rossiya orqali yechishga qaror qildi. «Belavia» uchun Rossiyaga yangi parvozlar ochildi va belaruslar Yevropadan uyiga aynan Rossiya orqali qaytadigan bo‘ldi. Ya'ni ikkita samolyot almashib. Ryanair samolyoti bilan sodir bo‘lgan «yo‘lto‘sarlik» dunyo osmonidagi birinchisi emas. Quyida shunga o‘xshash voqealarni eslaymiz.

2013 yil. Boliviya prezidentining samolyoti Venaga qo‘ndirilishi. Undan Eduard Snouden qidiriladi

2013 yil 1 iyul kuni Boliviya prezidenti Evo Morales Moskvada gaz eksport qiluvchi davlatlar sammitida qatnashib qaytayotganda, uning samolyotini amerikalik harbiylar Avstriya poytaxti Venaga qo‘ndirishadi. Boliviya birinchi bortiga Yevropa havo hududiga kirishga ruxsat berishmaydi. Amerikalik harbiylar samolyotdan MRB sobiq agenti Eduard Snoudenni qidiradi. Chunki Amerikaning «sirlarini ochib tashlagan» Snouden Evo Morales samolyotida bo‘lgani haqida gaplar tarqalgandi. Keyinroq bu harakat uchun Boliviyadan uzr so‘rashadi.

Moralesning samolyotini qo‘nishga majbur qilish uchun qiruvchi samolyotdan foydalanilmagan. Shuningdek, prezident yuk yoki yo‘lovchi tashuvchi emas, balki hukumat samolyotida uchayotgandi. Bu voqeani Lukashenko bilan uchrashuvda Vladimir Putin ham esladi va o‘shanda jimlik kuzatilganini ta'kidladi.

2010 yil. Bishkekka uchayotgan samolyot Eron tomonidan qo‘ndiriladi

Eronning Siston viloyatida qarorgohi bo‘lgani aytilgan Jundulloh harakati yetakchisi Abdulmalik Rigi 2010 yil fevralida Eron harbiylarining osmonda o‘tkazgan operatsiyasi vaqtida qo‘lga olinadi. Abdulmalik Rigi Dubaydan Bishkekka uchayotgan samolyot ichida bo‘lgan. Yo‘lovchi layner qiruvchi samolyotlar yordamida Eronga qo‘ndirilib, ichida bo‘lgan Rigi qo‘lga olinib, 5 oy o‘tib qatl qilingan. Rigi qo‘lga olinishining yana bir varianti ham bor. Unga ko‘ra, harakat yetakchisi pokistonlik harbiylar tomonidan AQSh yordamida qo‘lga olinib, Eronga topshirilgan. «Eron xohlaganicha ssenariy tayyorlayversin, ular aslida nima bo‘lganini juda yaxshi bilishadi», degandi sobiq MRB zobiti bu haqda.

1985 yil. AQSh bortida kema o‘g‘rilari bo‘lgan samolyotni qo‘ndirgan

1985 yil oktyabrida falastinlik jangarilar bor deb gumon qilingan Misr samolyoti Italiyadagi Amerika harbiy bazasida AQSh qiruvchi samolyotlari yordamida majburan qo‘ndiriladi. Uning ichida Italiyaning Achille Lauro kemasini O‘rta Yer dengizida o‘g‘irlashda ayblangan bir guruh odamlar bo‘lgan.

Aytilishicha, falastinlik 4 kishi Achille Lauro kemasiga ergashib, Misrga yetib olgan. Keyin Misrdan Tunisga uchayotgan Misr havo yo‘llarining charter reysida mamlakatdan chiqib ketishga uringan. Los Angeles Times yozishicha, samolyot O‘rta Yer dengizi bo‘ylab xalqaro havo hududida F-16 qiruvchi samolyotlari yordamida to‘xtatilgan va Sitsiliyadagi AQShning Sigonella bazasida tutib turilgan. Ushlangan o‘g‘rilar Italiyada uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan.

1956 yil. Jazoir mustaqillik harakati yetakchilari hibsga olinishi

1956 yil 22 oktyabrida Marokash poytaxti Rabotdan Tunisga uchayotgan va ichida Jazoir mustaqillik harakatining 5 yetakchisi bo‘lgan uchoq majburan qo‘ndiriladi. Ular Tunisning o‘sha paytdagi prezidenti Habib Burgiba tashkillashtirgan Mag‘rib mintaqasi kelajagiga bag‘ishlangan konferensiyada qatnashish uchun ketayotgan bo‘lgan. Jazoir o‘shanda Fransiyaning mustamlakasi bo‘lgani sabab Fransiya maxfiy xizmati yo‘lovchi samolyotini ushlash uchun qiruvchi samolyotlarni yuborgan va uni Jazoirga qo‘nishga majbur qilgan.

Voqealar Marokash va Tunisning g‘azabini qo‘zg‘atadi. Chunki hibsga olinganlardan biri Fransiyadan mustaqil bo‘lgach Jazoirning birinchi prezidenti bo‘lgan Ahmad bin Bella edi. U 2012 yilda 95 yoshida vafot etadi.

Mavzuga oid