O‘zbekiston | 16:48 / 05.06.2021
2816
3 daqiqa o‘qiladi

Tallimarjonda energobloklarda «avariya» bo‘lmagan, muammo boshqa yerda

Foto: KUN.UZ

«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ axborot xizmati rasmiy bayonot berdi. Unga ko‘ra, «2021 yil 4 iyun kuni soat 22:16 da «Tolimarjon IES» AJga qarashli energoblok avariyaviy holatda to‘xtaganligi sababli elektr energiya ta’minotida uzilishlar kuzatildi» mazmunida tarqalgan xabarlar asoslanmaganligi qayd etilgan.

4 iyun kuni soat 22:17:45da «Tolimarjon IES» AJdan 18,5 km uzoqlikdagi «O‘zbekneftgaz» AJ tizimidagi «Sho‘rtan» podstansiyasidan chiquvchi 220 kV li elektr uzatish tarmog‘ida uzoq muddatli (4,7 sekund) qisqa tutashuv yuzaga kelganligi sababli 220 kV kuchlanishli tarmoqqa kuchlanishi 35 kV gacha kamayishiga olib kelgan. Natijada, «Tolimarjon IES» AJning 1-sonli energobloki hamda 2-sonli bug‘-gaz qurilmasining avtomatik himoya tizimi muvaffaqiyatli ishga tushgan.

Mazkur «Sho‘rtan» podstansiyasidan chiquvchi 220 kV li elektr uzatish liniyasida qisqa tutashuv sodir bo‘lishiga avto-texnikalarning 220 kV li elektr uzatish tarmog‘iga ruxsat etilmagan masofagacha yaqinlashishi oqibatida tarmoqdan yerga uzoq muddatli qisqa tutashuv sodir bo‘lgani sabab bo‘lgan deb aytilmoqda.

«Tolimarjon IES» AJdagi energobloklarning avtomatik himoya tizimi yuz bergan ushbu tutashuv natijasida energobloklarni to‘xtatmaganda, bu elektr energiyasi uzatish tizimida juda katta miqdordagi texnikaviy va moliyaviy talofatlarga sabab bo‘lishi mumkin. 

Voqea yuz bergan vaqtning o‘zida tizim ishini tiklash uchun barcha imkoniyatlar ishga solinib, «Tolimarjon IES» AJ  2-sonli bug‘-gaz qurilmasi 5 iyun soat 00:58 da ishga tushirilishiga erishilgan.

Soat 10:14da stansiyadagi 1-sonli energoblok qaytib ishga qo‘yilgan va ayni paytda to‘liq quvvatlarda ishlamoqda.

«Tolimarjon IES» AJ ishlab chiqarayotgan elektr energiyasining o‘rnini qoplash uchun «Toshkent IES» AJ, «Navoiy IES» AJ va «Sirdaryo IES» AJ lardagi zahira energobloklar qo‘shimcha quvvatlar yetkazib berish uchun energotizimga ulandi, deyiladi bayonotda.

IES AJ axborot xizmati bayonot so‘ngida keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘radi.

Mavzuga oid