Iqtisodiyot | 20:31 / 08.06.2021
18719
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari ilk marta 35 mlrd dollardan oshdi

May oyi davomida oltin-valuta zaxiralari tarkibida monetar oltin hajmi qariyb 12,5 tonnaga kamayishiga qaramay, oltin qimmatlashishi fonida zaxiralarning umumiy qiymati 1,4 milliard dollarga oshgan.

Foto: Shutterstock

2021 yil 1 iyun holatiga, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 35,5 milliard dollarni tashkil etmoqda. Bu haqda Markaziy bank ma'lum qildi.

Taqqoslash uchun, 1 may holatida respublikaning rasmiy zaxira aktivlari 34,1 milliard dollarni tashkil qilgan.

Zaxiralarning keskin oshishiga jahon bozorida oltin narxining tiklana boshlashi asosiy sabab bo‘lganini taxmin qilish mumkin. Chunki o‘tgan bir oy davomida oltin hajmi 11,7 million troya unsiyadan 11,3 troya unsiyaga (taxminan 12,44 tonna) kamaygan bo‘lsa-da, uning qiymati 20,7 milliard dollardan 21,4 milliard dollarga ko‘paygan.

Zaxiralardagi oltin hajmi kamaygani O‘zbekiston bir necha oylik tanaffusdan keyin ilk marta monetar oltin eksport qilganini anglatadi.

Ma'lumot uchun, mart oyidan boshlab jahon bozorida oltin narxida pasayish kuzatila boshlagan edi. 2021 yil fevral oyida oltinning bir unsiyasi 1834 dollar bo‘lgan bo‘lsa, mart oyida 1724 dollarga tushgan, aprel oyida 1775 dollarga ko‘tarilib, 31 may kuni esa narx 1904 dollarga yetgan. Eslatib o‘tamiz, 1 unsiya 31,1 grammga to‘g‘ri keladi.

Oltin-valuta zaxiralarini hisoblash metodikasi Xalqaro valuta jamg‘armasi standartlari asosida yuritiladi. O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari tarkibining juda katta qismi xorijiy valuta aktivlari va quyma shakldagi monetar oltindan iborat.

Shuningdek, xorijiy valuta aktivlari ham o‘tgan davr mobaynida 579 million dollarga oshgan.

Respublika xalqaro zaxiralarida 2021 yilning 1 iyun holatida oltin 21,4 mlrd dollarni, xorij valuta aktivlari esa 13,7 mlrd dollarni tashkil etmoqda.

35,5 mlrd dollar – rasmiy zaxiralar miqdori e'lon qilina boshlagan 2017 yildan keyingi davrda kuzatilgan eng yuqori miqdor.

Mavzuga oid