Germaniyaning «Buxoro»siga sayohat (foto)
Yaqinda rafiqam bilan Italiyaga sayohat qilganimiz haqida yozgan edim. Italiyadan keyingi manzilimiz Germaniya bo‘ldi. Mamlakatga sayohat uchun borsangiz, Lyubek shahriga ham tashrif buyurishni tavsiya qilaman. Chunki shaharga amalga oshirgan sayohatim menda katta taassurot qoldirdi. Har doimgidek UzbekLife uchun shahardan fotoreportaj tayyorladim.
Germaniyaning shimolida joylashgan ushbu shaharning markaziy qismi UNESCO tashkilotining Butunjahon madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Shahar markazi asosan XII—XIX asrlarda qurilgan tarixiy binolar bilan qoplangan. Tarixiy binolarning aksariyati hozirga qadar saqlanib qolgani sababli markazni kezar ekansiz, o‘zingizni o‘rta asrlarga tushib qolgandek his qilasiz. Faqat bir jihati bor: shahar ko‘chalari tor, undagi binolar bir-biriga yaqin bo‘lgani sababli kattaroq inshootlarni to‘liqligicha suratga olish biroz qiyin bo‘lishi mumkin.
Shaharga kirish
O‘rta asrlarda shahar to‘rt darvozaga ega bo‘lgan, hozirda ularning ikkitasi saqlanib qolgan: Holstentor darvozasi (1464 yil) va Burgtor darvozasi (1444).
Gotika uslubida g‘ishtdan qurilgan Holstentor darvozasi shaharning ramzi hisoblanadi. Darvoza ark shaklida bo‘lib, uning ikki yonida aylana minora joylashgan. Darvoza 1987 yilda Butunjahon madaniy merosi obektlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Suvbo‘yi manzaralari
Eski shahar yonidan o‘tgan Elba-Lyubek kanali shaharga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlaydi. Kanal bo‘yida joylashgan tarixiy binolar suvda akslanib, o‘ziga xos ko‘rinish hosil qiladi.
Hozirga qadar saqlanib qolgan eng qadimiy ijtimoiy muassasa
Eski shaharda hozirga qadar saqlanib qolgan dunyodagi eng qadimiy ijtimoiy muassasalardan biri – Muqaddas ruh gospitali mavjud. Gospital XIII asrda shahar savdogarlari tomonidan bemorlar, yetimlar, keksalar va kambag‘allar uchun bunyod etilgan. Gospital kichik kabinalardan iborat bo‘lib, unda boshpana topganlar shu kabinalarga joylashtirilgan va ularga rohiblar g‘amxo‘rlik qilgan.
Gospitalga qabul qilinganlar kuniga yetti marta ibodat qilish majburiyatini zimmasiga olgan. Buning evaziga ularga boshpana, ovqat va XVII asrdan boshlab yiliga 8 marta iliq hammomda yuvinish imkoniyati taqdim qilingan. Gospitalga qabul qilinganlarning oxirgilari 1970 yilgacha binodagi kabinalarda istiqomat qilgan. Hozirda bino tarixiy inshoot sifatida saqlanadi.
Lyubek – Germaniyaning «Buxoro»ci
Lyubek shahrining markazini Buxoro shahrining eski shahar qismiga qiyoslasa bo‘ladi.
Birinchidan, mazkur eski shaharlarning har ikkalasini ham piyoda aylanib chiqsa bo‘ladi. Binolar, obidalar va diqqatga sazovor joylar bir-biriga yaqin joylashgan.
Ikkinchidan, har ikkalasida ham o‘rta asrlardan to XIX asrgacha bo‘lgan davrdagi inshootlarning anchasi hozirga qadar saqlangan.
Uchinchidan, har ikkala eski shahar ham to‘liq UNESCO tashkilotining Butunjahon madaniy merosi obektlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Haybatli ibodatxonalar
Lyubekning eski shahar qismida 5ta ibodatxona joylashgan: Lyubek sobori, Avliyo Giles ibodatxonasi, Avliyo Meri, Avliyo Peter va Avliyo Yakob cherkovlari.
Shahardagi ibodatxonalar nihoyatda baland va haybatli ekani bilan ajralib turadi. Masalan, Lyubek soboridagi minoralar balandligi qariyb 130 metrni tashkil qiladi.
Ibodatxonalar shu qadar haybatli ekani, o‘rta asrlarga xos tor ko‘chalar sababli ularni yaqinroqdan to‘liq suratga olish imkonsiz.
Maqsud Salomov,
UzbekLife kolumnisti
Mavzuga oid
11:53 / 26.12.2024
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
10:30 / 24.12.2024
Germaniya Kiyevga keng qamrovli yangi qurollar paketini taqdim etadi
18:40 / 21.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerga ta’ziya yo‘lladi
08:03 / 21.12.2024