O‘zbekiston | 09:29 / 16.06.2021
18467
9 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarga oid bahsli qonun: xavotirlar va taxminlar

O‘zbekistonda internet tarmog‘iga doir bahsli qonun qabul qilinishi ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi ehtimolini o‘rtaga chiqardi. Kun.uz mavzu yuzasidan axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis, Malayziyada istiqomat qilayotgan Anvar Narzullayev bilan suhbat uyushtirdi.

O‘zbekiston Respublikasining «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonuniga qo‘shilgan 27-1 modda 2021 yil 16 apreldan kuchga kirdi.

Shu asosda yirik internet kompaniyalar va ijtimoiy tarmoqlardan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma'lumotlarni jismonan O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlash talab etilmoqda.

Kun.uz qonunga kiritilgan mazkur qo‘shimcha yuzasidan tafsilotlarni yoritdi, shuningdek, mavzu yuzasidan jamoatchilik faollarining fikri va tahliliy maqolalar berib kelinmoqda.

Navbatdagi suhbatdoshimiz – bir necha yildan buyon Malayziyada istiqomat qilayotgan yurtdoshimiz, Universiti Sains Islam Malaysia oliygohining Axborot xavfsizligi kafedrasi yetakchi mutaxassisi, fan doktori Anvar Narzullayev.

– Qonunchilikdagi yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar va internet xizmatlarini ko‘rsatuvchi mulkdorlar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlari joylashgan serverlarini jismonan O‘zbekistonga olib kelib, saqlashi shart deb belgilandi. Buning davlatga qanday foyda va zararlari bor?

– Qonunda aniq yozilmagan bo‘lsa-da, mas'ul tashkilotlarning bayonotlari va ushbu o‘zgarishga deputatlarning munosabatlaridan ham bilsak bo‘ladiki, maqsad – O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlariga hujum yoki qandaydir tajovuz bo‘lganida javobgarlikni o‘sha kompaniyalar zimmasiga yuklab qo‘yish. Asosiy ko‘zlangan maqsad sifatida men shuni tushundim.

Umuman olganda, Google, Facebook yoki Microsoft kabi kompaniyalar O‘zbekistonga kirib kelib, data markazlarini ochishsa, ijobiy narsa. Bu bizdagi siyosiy, iqtisodiy va muhimi texnik bazamizga bo‘lgan ishonchni bildiradi. Chunki bunday katta kompaniyalar biror davlatga kirib kelishidan avval katta izlanish qiladi, vaziyatni o‘rganadi. Bundan tashqari, ularning kirib kelishi ish o‘rinlarining yaratilishi, infratuzilma va IT sohasining rivojlanishiga turtki beradi.

Anvar Narzullayev

Lekin, hozir ular O‘zbekistonga majburlab olib kirilmoqda. Men qonunga kiritilgan ushbu o‘zgarish va unga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmadovning sharhini o‘qidim. U yerda juda qiziq jumla aytilgan:

«Agar, xorijiy kompaniyalar serverlarini O‘zbekistonga olib kelishni xohlamasa, ular bilan boshqacha tarzda ham muzokaralar olib borilishi mumkin. Masalan, O‘zbekiston fuqarolariga shaxsiy ma'lumotlarini kiritmagan holda tarmoqda ro‘yxatga olinishiga ruxsat berilishi kabi».

Bu biroz tushunarsiz jumla, bizda endi qonun bor. Qonun bo‘lganidan keyin sizda ikkita variant bo‘ladi: qonunga rioya qilish yoki qilmaslik. Bizning vazirlik esa qandaydir uchinchi yo‘lni taklif qilyapti. «Kelinglar, biz bilan muzokara qilinglar, biz sizga boshqa variantlar topib beramiz», – deyapti.

Bu muzokaralarning ortidan kompaniyalarga qanday shartlar qo‘yiladi, mana shu ham muhim. Bu shartlar katta kompaniyalarga fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlariga «dostup» ochish talabi ham bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, meni xavotirga solgan yana bir narsa, O‘zbekistondagi kichik firmalar va mahalliy dasturchilarimiz. Chunki ular ham xorijiy serverlardan foydalanadi. Sababi xorijiy serverlar – juda katta bozor, ular taklif qilayotgan xizmatlar nisbatan arzon va yuqori sifatli. O‘zbekistondagi serverlar xorijdagi serverlar bilan raqobatlasha olmaydi.

Lekin, bizda faoliyat yurituvchi firmalar ham o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma'lumotlaridan foydalanganidan keyin, u ma'lumotlarni O‘zbekistondagi serverlarga olib kelishga majbur bo‘ladi. Bu esa mamlakatda IT rivojlanishiga katta zarba berishi mumkin.

– Serverlarni olib kelmoqchi bo‘lgan xorijiy mulkdorlar qanday texnik talablar qo‘yishi mumkin? Bu ularga iqtisodiy jihatdan qanchaga tushadi?

– Qonunda faqat shaxsiy ma'lumotlarni O‘zbekistonga olib kelish talab qilinmoqda. Bu – ism-familiyasi, pasport ma'lumotlari, telefon raqami va tug‘ilgan sanasi bo‘lishi mumkin. Bular – texnik tarafdan juda katta joy egallaydigan ma'lumotlar emas.

Muammo boshqa tarafda. Katta kompaniyalar o‘zining ijtimoiy tarmoqlarini yaratganda minglab maxsus dizayner va arxitektorlar ma'lumotlar bazasini optimallashtirib, tezroq ishlashiga urg‘u berib ushbu bazani yaratadi. Lekin, hozir O‘zbekistondan chiqib: «Bu dasturga qancha pul sarflaganinglar bizga qiziq emas, bazaning mana bu qismini olasizlar-da, O‘zbekistonga joylab qo‘yasizlar», deyilyapti. Bu – kompaniyalar uchun texnik tarafdan ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar va iqtisodiy xarajatlar tug‘diradi.

Ma'lumotlar bazasini yaxlitligicha tasavvur qilishimiz va qabul qilishimiz kerak, uning bir qismini ajratib O‘zbekistonga qo‘yib qo‘ya olmaysiz. Bu – butun tizimning ishlashiga ta'sir qiladi. Bu qonunning xorijiy mulkdorlarga qiyinchiliklari ko‘p.

– Qonunchilikdagi yangi talabga rozi bo‘lmagan mulkdorlar ijtimoiy tarmoqlar va internet xizmatlaridan foydalanuvchi O‘zbekiston fuqarolari nisbatan ko‘p emasligini hisobga olib, O‘zbekistondagi bozordan voz kechishi ham mumkinmi?

– Yaqinda ko‘rdik, YouTube O‘zbekiston uchun monetizatsiyani o‘chirib qo‘ydi. Ehtimol, buning sababi ham qonunchiligimizdagi ushbu yangi talabdir. Katta kompaniyalar rasmiy O‘zbekistonga kelib faoliyat yuritishdan voz kechishi mumkin. «Bloklasangiz, mayli bloklayvering», degan taktikani ham qo‘llashi mumkin. Yoki O‘zbekiston jarimaga torsa, jarimalarni ham to‘lashi mumkin.

O‘zbekiston bozori ular uchun juda katta emas. Masalan, Rossiyada ham hozir xuddi shunday hodisalar kuzatilyapti. Bizda O‘zkomnazorat degan tashkilot tuzilibdi, Rossiyada Roskomnadzor degani va xuddi shu kabi qonun bor. Ular Facebook va Twitter'ni sudga berishdi va jarimalarga tortishdi. Facebook Rossiya hukumati bilan kelishishga majbur bo‘lyapti, chunki Rossiya – katta davlat, foydalanuvchilar ko‘p. Lekin, O‘zbekiston u qadar katta bozor emas, ular haqiqatdan bu bozordan voz kechishi ham mumkin.

Yoki xorijiy operatorlar O‘zbekistonning bu talabiga e'tibor bermasa, O‘zkomnazorat bu ijtimoiy tarmoqlarni bloklashga harakat qilishi mumkin. Lekin bloklash ham oson emas, texnik tarafdan juda murakkab. Biz ikki-uch yil avval ko‘rdik, O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarni bloklamoqchi bo‘lganida, foydalanuvchilarning internet savodxonligi oshdi, VPNlarni ishlatishni o‘rganishdi va hokazo. Shuning uchun davlat agar bu kompaniyalarni chiqarib yubormoqchi yoki bloklamoqchi bo‘lsa, o‘z oyog‘iga bolta urgan bo‘ladi.

– Agar xorijiy mulkdorlar bilan kelishuvga erishilsa, ushbu serverlarning ishlashi va saqlab turilishiga O‘zbekistonning texnik salohiyati va imkoniyatlari yetarlimi?

– O‘rganishlarim bo‘yicha, hozirgacha bizda juda katta data markazlari yo‘q. 2024 yilgacha Jizzaxda shunday katta data qurilishi haqida o‘qidim. Lekin hozir bizda mavjud bo‘lgan va taklif qilinayotgan xizmatlar jahon standartlariga javob bermaydi.

Birinchidan, kompyuter quvvati va xotirasi kabi resurslar, ikkinchi tomondan, taklif qilinayotgan tezliklar. Hatto eng qimmat serverlar ham bor-yo‘g‘i 5-10 megabit/sekund tezliklarni taklif qilishyapti. Jahon standartida bunday tezliklar juda ham kulgili. Chet eldagi bepul serverlar ham 1 gigabayt/sekundgacha bo‘lgan tezliklarni taklif qilishadi. Pullik serverlarda esa tezlik bunda ham katta. Bizdagi taklif qilinayotgan barcha xizmatlar ijtimoiy tarmoqlarning serverlari uzluksiz ishlab turishiga javob bera olmaydi, deb o‘ylayman.

Ikkinchi katta muammo – bu xavfsizlik. Qonunchilikda asosiy vaj fuqarolar shaxsiy ma'lumotlarini ta'minlash deb ko‘rsatilyapti. Lekin, aslida Google, Amazon kabi katta kompaniyalarning data markazlarini ko‘radigan bo‘lsak, u yerlardagi xavfsizlik Pentagon [AQSh Mudofaa vazirligi] yoki harbiy bazalarning xavfsizligi kabi ta'minladi. U yerda qurollangan askarlar yuradi, o‘zining 6 bosqichli himoya muhiti, maxsus sensorlar va kameralari bor. Chet el kompaniyalari nafaqat kiberxavfsizlikka, balki ularning jismoniy xavfsizligiga ham nihoyatda kuchli e'tibor qiladi. Bizda xorijiy kompaniyalar talab qilayotgan yoki jahon standartlariga mos keladigan data markazlar hali yo‘q.

To‘liq suhbat bilan videoda tanishib chiqishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov. 

Mavzuga oid