O‘zbekiston | 08:13 / 16.06.2021
6996
2 daqiqa o‘qiladi

Sholikorlarga subsidiyalar berish tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urug‘ seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Prezidentning "Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2021 yil 2 fevraldagi PQ-4973-son qarori bilan belgilanishicha, 2021 yil 31 dekabrga qadar sholi yetishtirish uchun sholini zamonaviy urug‘ seyalkalari hamda ko‘chatlab ekish uskunalarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan urug‘ seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizgachasi Davlat budjetidan qoplab beriladi.

Tasdiqlangan Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urug‘ seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

  • subsidiyalar faqat talabgor tomonidan sotib olingan kunda ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan yangi qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun ajratiladi;
  • talabgorlar subsidiya olish uchun tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlariga yozma yoki elektron shaklda hujjatlarni taqdim qiladi;
  • sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urug‘ seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish uchun ajratilgan subsidiyalardan maqsadli foydalanishni va to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish Moliya vazirligining davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 11.06.2021 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid