O‘zbekiston | 07:49 / 24.06.2021
44086
3 daqiqa o‘qiladi

Qabul kvotalari tasdiqlandi. Xorijiy va xususiy OTMlarda ham grant o‘rinlari bo‘ladi

Prezident “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

2021/2022 o‘quv yili uchun davlat buyurtmasi parametrlari:

a) bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:

  • kunduzgi ta'lim shakliga – 113 530 nafar etib;
  • sirtqi ta'lim shakliga – 37 675 nafar etib;
  • kechki ta'lim shakliga – 6 550 nafar etib;

b) magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 12 900 nafar etib;

v) filiallar va nodavlat oliy ta'lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha – 500 nafar etib tasdiqlandi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2021/2022 o‘quv yili qabulidan boshlab davlat granti asosida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta'lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta'lim tashkilotlari uchun ham shakllantiriladi. Bunda:

  • filiallar va nodavlat oliy ta'lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi;
  • filiallar va nodavlat oliy ta'lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan va o‘qishni tamomlagandan so‘ng kadrlar buyurtmachisi tizimida 5 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida ishlab berish istagini bildirgan abituriyentlar bilan uch tomonlama (kadrlar buyurtmachisi–talaba–oliy ta'lim tashkiloti) shartnoma tuziladi;
  • filiallar va nodavlat oliy ta'lim tashkilotiga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlar kadrlar buyurtmachisi bilan shartnoma imzolash istagini bildirmagan taqdirda, shartnoma tuzish huquqi kirish imtihonlarida to‘plagan ballar ketma-ketligiga mos ravishda keyingi o‘rindagi abituriyentga beriladi;
  • davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarning o‘qitish xarajatlari kadrlar buyurtmachilari tomonidan davlat budjeti parametrlarida mazkur maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda filiallar va nodavlat oliy ta'lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirish tartibini tasdiqlaydi.

Mavzuga oid