O‘zbekiston | 14:18 / 27.06.2021
47506
4 daqiqa o‘qiladi

SSV Zangiota shifoxonasidagi holat bo‘yicha ma'lumot berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan bemorlar to‘g‘risida ma'lumotlar berdi. Ayni vaqtda shifoxonada 1,4 mingdan ortiq bemor davolanmoqda, shundan 138 nafari homilador ayol, 15 nafari chaqaloq.

COVID-19 infeksiyasining hududlar kesimida qayd etilishi, xususan, poytaxtimiz aholisi orasida ko‘proq kuzatilayotgani sababli oxirgi 10-15 kun ichida Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga bemorlar murojaatlari nisbatan ko‘paydi. SSV Matbuot xizmati Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘lib, markaz direktori Anvar Husanovga bir necha savol bilan murojaat qildi.

— Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi necha o‘ringa mo‘ljallangan va ayni paytda markazda qancha bemor davolanmoqda? 

— Ma'lumki, bundan salkam bir yil avval yurtimizda koronavirusga qarshi kurashish choralari doirasida ushbu infeksiyaga chalingan bemorlarni davolash uchun Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 2ta maxsus tibbiyot majmuasi foydalanishga topshirilgan edi. 

Aytish lozimki, o‘tgan qisqa vaqt davomida mazkur tibbiyot muassasalari xalqimiz salomatligini asrash, xususan, COVID-19ga chalingan og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolash, ularga tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, bu orqali infeksiya aholi orasida keng tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yurtimizdagi asosiy shifo maskanlariga aylandi.

Afsuski, so‘nggi kunlarda mamlakatimiz, xususan, poytaxtimizdagi epidemiologik vaziyat biroz murakkablashishi Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyatiga ham ta'sir etmay qolmadi. Ayniqsa, oxirgi ikki hafta davomida tibbiyot muassasamizga murojaat qiluvchi bemorlar soni keskin ortgani biz shifokorlarni jiddiy tashvishga solmoqda.

Xususan, ayni paytda 2016ta o‘ringa ega bo‘lgan shifoxonada 1400 nafardan ortiq bemor belgilangan standartlar bo‘yicha davolanmoqda.

— Shifoxonada nechta reanimatsiya bo‘limi bor va ularda qancha bo‘sh joy mavjud?

— Shifoxonamizda 6ta reanimatsiya bo‘limi bor va ularda 232ta o‘rin tashkil qilingan. 

Hozirgi kunda ushbu reanimatsiya bo‘limlarida 203 nafar bemor belgilangan standartlar bo‘yicha davolanmoqda. Bo‘sh o‘rinlar soni esa 29tani tashkil etmoqda.

Reanimatsiya bo‘limidagi har bir koyka sun'iy o‘pka ventilyatsiyasi va zamonaviy davolash apparatlari bilan jihozlangan. Shu bilan birga, har bir bo‘limda sanitar o‘tkazgich tashkil qilingan.

— Shifoxonada homilador ayol va bolalar uchun nechta o‘rin tashkil qilingan va hozirda qancha homilador ayol va bolalar davolanmoqda?

— Bugungi kunda koronavirus infeksiyasining mutatsiyalarga uchrashi va uning ko‘plab shtammlari aniqlanayotgani pandemik vaziyatni yanada chigallashtirmoqda. Xususan, kasallikning «britancha» shtammi bolalarda ham ko‘p kuzatilib, ayrimlarda esa kasallik og‘ir o‘tmoqda.

Yurtimizda ham joriy yil boshidan bolalar o‘rtasida kasallik qayd etila boshlagach, Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida ular uchun alohida o‘rinlar ajratildi. Jumladan, ayni paytda markazda 162 nafar 18 yoshgacha bo‘lgan bola davolanmoqda.

Shuningdek, muassasada homilador ayollar uchun 158 o‘rinli tug‘ruq kompleksi bo‘lib, shundan homiladorlar patologiyasi bo‘limi 146ta, reanimatsiya bo‘limi 12ta o‘ringa mo‘ljallangan. Shu bilan birga, 30 o‘rin chaqaloqlar va 6 o‘rin reanimatsiya bo‘limiga ajratilgan. Hozirgi kunda markazda 138 nafar homilador ayol va 15 nafar chaqaloq davolanmoqda.
 

Mavzuga oid