O‘zbekiston | 08:12 / 28.06.2021
5378
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston «Zamonaviy Ipak yo‘li» dasturiga qo‘shildi 

25 iyun kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK) bosh kotibi Bag‘dod Amreyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar ikki taraflama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha munosabatlarni yanada kuchaytirish borasidagi qadamlarni muhokama qildi.

TTDHK faoliyatini yanada mustahkamlash maqsadida amaliy hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi. O‘zbekiston tomoni “Turk dunyosi istiqbollarining ko‘rinishi – 2040” va “Turkiston kengashining 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi” kabi bir qator konseptual hujjatlarni ishlab chiqish va muvofiqlashtirishda faol ishtirok etadi.

Tomonlar Qo‘qon shahrida Turkiy kengash mamlakatlarining turizm masalalari vazirlari uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini qayd etdilar. Uchrashuv natijalaridan biri O‘zbekistonning “Zamonaviy Ipak yo‘li” dasturiga qo‘shilgani bo‘ldi.

“Zamonaviy Ipak yo‘li” loyihasi 2018 yilda Turkiy kengashga a'zo mamlakatlar turizm masalalari vazirlarining Ostonadagi yig‘ilishida tashkil topgan. Loyihaning asosiy maqsadi barcha TTDHK mamlakatlarini qamrab oladigan qo‘shma turistik xizmatlarini rivojlantirish va ilgari surishga mo‘ljallangan platforma yaratishdir.

TTDHK bilan investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Shu nuqtayi nazardan, vazifalariga TTDHKga a'zo mamlakatlardagi loyihalarni moliyalashtirish kiradigan Qo‘shma investitsiya va integratsiya jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha birgalikda ish olib borishning imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, tomonlar TTDHK mamlakatlari hududlaridan o‘tuvchi transport yo‘laklaridan samarali foydalanish va transport-logistika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishni nazarda tutgan holda transport va tranzit sohasidagi hamkorlik qilish yo‘llarini ko‘rib chiqdi.

Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan yoshlar va sport ishlari masalalari vazirlari, qishloq xo‘jaligi vazirlari yig‘ilishi, Yosh tadbirkorlar forumi va Turkiy agroforum kabi qator ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rishda keyingi qadamlar belgilandi.

Mavzuga oid