Jamiyat | 18:18 / 29.06.2021
15402
2 daqiqa o‘qiladi

«Bir yilda universitetimizga 1200 marta tekshiruv keldi» – TDPU rektori

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga oxirgi bir yil mobaynida 1200 marta tekshiruvlar bo‘lgan. Bu haqda AOKAda Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori va mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov qog‘ozbozlikni kamaytirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani yo‘qotish yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi. Ta'lim muassasalaridagi tekshiruvlarning ko‘pligi va bu holat ularning faoliyatiga yomon ta'sir qilishi haqida gapirdi.

«OTMlarga bo‘ladigan bosimlar, mustaqil emaslik u yerdagi professor-o‘qituvchilardagi ishga munosabatga ham ta'sir qilmay qolmagan. 1,5 yildan beri shu oliygoh rahbari sifatida faoliyat olib borayotgan bo‘lsam, oxirgi bir yil ichida universitetga 1200 marta tekshiruv keldi. Kuniga 3tadan tekshiruv keladigan bo‘lsa biz qachon o‘z faoliyatimiz bilan shug‘ullanamiz? Prezident qarori bilan OTMlarga mustaqillik yaratilyapti bunday tekshiruvlarni va qog‘ozbozlikni yo‘qotish yuzasidan. Endi universitetlardagi ilmiy kengashlar boshqaruv kengashlari vazifasini bajara boshlaydi», dedi u.

Shuningdek, rektor universitetda shaffof o‘tkazilgan bitiruv imtihonlaridan 241 nafar talaba o‘tolmagani haqida ma'lum qildi.

«Raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani qisqartiramiz. Korrupsiyani qisqartirish bo‘yicha misol: biz joriy o‘quv yilida birinchi marta barcha bitiruv imtihonlari, diplom himoya ishlarini ochiqdan ochiq You Tube orqali barchaga taqdim etib o‘tkazdik. O‘tgan yillarda bu yerda bitiruv imtihonlaridan yiqilgan talabalar juda kam - 7-8 nafar bo‘lardi.

Bu yil esa 241 nafar talaba imtihondan o‘tolmadi. Bunga sabab biz ularning bilim sifati, malaka va mutaxassisligiga javob beramiz», degan u. 

Mavzuga oid