Jahon | 22:17 / 30.06.2021
21463
2 daqiqa o‘qiladi

Uchar avtomobilda ilk bor shaharlararo parvoz amalga oshirildi

Slovakiyaning Klein Vision kompaniyasi uchar avtomobilda tarixdagi ilk shaharlararo parvozni amalga oshirdi. AirCar deb nomlangan mashina Slovakiyaning Nitra va Bratislava shaharlari o‘rtasidagi 85 kmlik masofani 35 daqiqada uchib o‘tdi.

Mashinani kompaniya asoschisi Stefan Klyayn boshqargan. Mashina havoda 170 km/soat tezlikka erishgan.

Kompaniya vakillarining ta'kidlashicha, uchar avtomobilda uchib o‘tilgan masofani oddiy mashinada bosib o‘tish uchun kamida 2 marta ko‘proq vaqt talab qilingan bo‘lardi.

AirCar avtomobil va samolyot gibridi bo‘lib, 160 ot kuchiga ega BMW dvigateli bilan jihozlangan va benzinda ishlaydi. Mashina 2500 metr balandlikkacha ko‘tarilib, havoda 190 km/soat tezlikka erisha oladi. Unda favqulodda vaziyatlar uchun ballistik parashyut ko‘zda tutilgan.

Mashina o‘z ichiga 200 kg umumiy og‘irlikdagi 2 kishini sig‘dira oladi. Transformerning havoga ko‘tarilishi uchun uchish-qo‘nish yo‘lagi kerak bo‘ladi. 

Kompaniyada ta'kidlanishicha, AirCar’ni ishlab chiqish uchun 2 yil vaqt va 2 mln yevro talab etilgan. Ayni vaqtda mashina havoda 40 soatga yaqin parvoz qilgan. Sinovlar vaqtida uchar mashinaning barqarorligi optimallashtirilgan.

Hozirda kompaniya mashinaning 300 ot kuchiga ega dvigatelli seriyaoldi prototipini tayyorlash bilan shug‘ullanmoqda. U bunday dvigatel bilan havoda 300 km/soat tezlikka erisha oladi va uchish uzoqligi 1000 kmni tashkil qiladi.

Ayni vaqtda bir nechta yirik avtomobilsozlik kompaniyasi yangi transport turi — “uchar taksi”ni ishlab chiqish bilan shug‘ullanmoqda. Misol uchun, Hyundai kompaniyasi 2030 yilgacha dunyoning yirik shaharlarida o‘z uchar taksi xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchi. Koreyaliklar bu maqsadda 5–6 yo‘lovchiga mo‘ljallangan uchar avtomobillar yaratish ustida ish olib borishmoqda.

 

Mavzuga oid