Jahon | 12:01 / 01.07.2021
44613
12 daqiqa o‘qiladi

AQSh vizasini olishda tartib va talablar qanday?

UzbekLife kolumnistlari xorijiy mamlakatlar vizalari mavzusidagi turkum maqolalarni tayyorlashda davom etadi. Ushbu maqolada eng ko‘p migrantlarni qabul qiladigan mamlakat – AQSh taqdim etadigan viza turlari, ularni qanday olish haqida ma'lumotlar keltirilgan.

Odatda, xorijiy davlatlar fuqarolari, AQSh hududiga kirib kelishdan oldin vaqtinchalik yashash uchun noimmigratsiya vizasi yoki doimiy yashash uchun immigratsiya vizasini olishlari kerak. Tashrif vizalari tadbirkorlik (V-1 toifadagi viza), turizm, dam olish va vaqtinchalik yashash (V-2 toifadagi viza) maqsadida yoki mazkur maqsadlarning barchasi uchun AQSh hududiga muvaqqat muddatga kirishni xohlovchi shaxslar uchun noimmigratsiya vizalardir (V-1/V-2).

Vizaga hujjat topshirgan shaxs suhbat davomida Konsulga AQShga safari maqsadlarini tushuntirib berishi va safar xarajatlarini to‘lay olishga yetarli mablag‘i borligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etishi lozim. Shuningdek, murojaat qiluvchilar AQShga safardan keyin O‘zbekistonga qaytib kelish niyatlarini namoyish etuvchi O‘zbekistonga kuchli va doimiy bog‘liqliklari mavjudligiga Konsulni ishontirishlari ham zarur. O‘zbekistonda so‘nggi 6 oy ichida istiqomat qilmagan nomzodlar o‘zlarining doimiy istiqomat qiladigan mamlakatlarida murojaat etishlari tavsiya qilinadi.

Biznes (ish safari) va turizm toifasidagi vizalar (V1-V2)

Noimmigratsion vizalarga murojaat qiluvchi O‘zbekiston fuqarolari bir yillik ko‘p marotabalik vizaga ega bo‘ladi. Ushbu turdagi vizaga murojaat qiluvchilarning asosiy qismi biznes (B1) yoki turizm (B2) maqsadi bilan AQShga safar qiladi. “Biznes” safari ishlash huquqini bermaydi, lekin shu maqsad bilan vizaga murojaat etuvchilarning safari bir qator ish haqi berilmaydigan ish bilan bog‘liq tadbirlardan iborat bo‘lishi mumkin (uchrashuvlar, malaka oshirish, muzokaralar). Bundan tashqari, bu turdagi vizaga murojaat etuvchilar tibbiy muolaja olish uchun yoki uy xizmatchisi sifatida AQShga safar qilishlari mumkin.

Murojaat etuvchilarning noimmigratsion viza suhbatida shaxsan qatnashishlari haqida

14 yosh va undan yuqori bo‘lgan barcha murojaat etuvchilar noimmigratsion viza uchun suhbatga shaxsan kelishlari shart. 14 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan murojaat etuvchilar ota-onalaridan biri yoki rasmiy vakillari bilan kelishlari mumkin. Hamroh bo‘lib kirayotgan shaxslar o‘zlari vizaga murojaat etmayotgan bo‘lsalar ham, ro‘yxatga yozilishlari talab etiladi. Hamroh bo‘lib kirayotgan katta kishi, agar o‘zi ham vizaga murojaat etayotgan bo‘lmasa, anketa to‘ldirishi shart emas. Suhbat uchun ro‘yxatga yozilishda ushbu hamroh bo‘lib kirayotgan kattalar elektron pochta orqali ConsularTashkent@state.gov manziliga xat yozishlari kerak.

16 yoshdan katta bo‘lgan murojaat etuvchilar bilan manfaatdor tomonlar, jumladan, bevosita oila a'zolari, amerikalik do‘stlar, advokatlar va boshqalar suhbatga birga kirishlari taqiqlanadi.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari

Aksariyat hollarda, Konsullik bo‘limi xodimlari suhbatning oxirida o‘z qarorlarini qabul qilib, murojaat etuvchiga aytadi. Agar viza ma'qullansa, murojaat etuvchilar ichiga viza yorlig‘i qo‘yilgan pasportlarini keyingi ish kuni soat 15:30da olib ketishlari mumkin bo‘ladi. Ular o‘zlari bilan ma'muriy to‘lovni to‘laganlarini tasdiqlovchi kvitansiyalarini ham olib kelishlari kerak.

Biroq ba'zi hollarda, Konsullik bo‘limi xodimi qo‘shimcha hujjatlar yoki ma'lumot taqdim etishni so‘raydi. Boshqa hollarda esa yakuniy qaror qabul qilish uchun qo‘shimcha ma'muriy jarayonlar o‘tkazish talab etilishi mumkin. Bunday jarayonlarni o‘tkazishga vaqt kerak bo‘ladi. Shu sababli Konsullik bo‘limi vizalarga imkon darajasida vaqtliroq murojaat etishni maslahat beradi. Shu yo‘l bilan safarga oz vaqt qolganda har qanday kechikishlarning oldini olish mumkin bo‘ladi. Viza qo‘lingizda bo‘lmaguncha chipta sotib olish yoki buyurtma qilib qo‘yish maqsadga muvofiq emas.

Vaqtincha ishlash vizalari (H, L, P va O vizalari)

AQShda vaqtincha ishlash uchun aniq bir turdagi vizalar talab qilinadi. Shu turdagi vizalarning aksariyat qismi ish beruvchi yoki agentlik vizaga murojaat etuvchi uchun petitsiyani oldindan tayyorlashi kerakligini talab qiladi. Petitsiya AQSh Immigratsiya va fuqarolik xizmati (USCIS) tomonidan vizaga murojaat qilishdan avval ma'qullanishi kerak. Petitsiyalar haqida to‘liq ma'lumotni USCIS saytidagi vaqtincha ishlash hamda chet el fuqarolarini qisqa muddatga ishga olish sahifalarida topishingiz mumkin.

Vaqtincha ishlash toifasidagi vizalarga murojaat etish uchun quyidagi hujjatlarni topshirish talab etiladi:

1. DS-160 elektron anketa. Bu anketa https://ceac.state.gov/genniv manzilida elektron ravishda to‘ldirilishi kerak. Bu anketa, shuningdek, suhbatga yozilish uchun ham zarur bo‘ladi. Anketaning tasdiqlov varag‘ini printerda chop etib, suhbatingizga olib keling.

2. Xorijiy safarlar uchun yaroqli bo‘lgan pasport.

3. So‘nggi 6 oy mobaynida olingan fotosurat (fotosuratlar 5x5 sm hajmda va oq fonda bo‘lishi kerak). Faqat asl fotosuratlar qabul qilinadi. Biror usul bilan o‘zgartirilgan (nusxasi olingan, skaner orqali tayyorlangan, o‘zgartirilgan va hokazo) fotosuratlar qabul qilinmaydi. Qo‘shimcha ma'lumotlar uchun fotosuratlarga talablarni ko‘ring. DS-160 anketasi fotosuratni anketaga Internet orqali biriktirish imkonini beradi. Konsullik bo‘limi fotosurat anketaga biriktirilgan taqdirda ham asl fotosuratni suhbatga olib kelishni tavsiya etadi. Bu anketa to‘ldirilgandan keyin texnik nosozliklar oldini olish uchun qilinadi.

4. Petitsiya – I-129 shakli yoki I-797 qaror xabarnomasi. Bu hujjat Davlat xavfsizligi departamentida murojaat etuvchining bo‘lajak ish beruvchisi tomonidan rasmiylashtiriladi.

Agar yuqorida ko‘rsatilgan ikki shakl bo‘lmasa, murojaat etuvchilar Konsullik bo‘limi bilan elektron pochta orqali bog‘lanib, petitsiyaning raqamini taqdim etishlari kerak. Petitsiya ma'lumotlari Konsullik bo‘limiga ichki ma'lumot almashuv tizimi orqali yetkazilgan bo‘lsa, Konsullik bo‘limi murojaat etuvchini bundan xabardor etadi. Petitsiya ma'lumotlari Konsullik bo‘limi ixtiyorida bo‘lganda, I-129 yoki I-797 shakllarini topshirish shart bo‘lmaydi.

Talaba vizasi

Talabalar vizasi (F-1/M-1) talablarga javob beradigan nomzodlar uchun Qo‘shma Shtatlarda akkreditatsiya qilingan oliy o‘quv yurtida tahsil olish imkonini beradi.

Talabalik vizalariga murojaat etuvchilar (akademik F-1 va noakademik M-1 vizalari) AQSh elchixonasiga shaxsan murojaat etishlari lozim. Suhbat kuni va vaqtini belgilash uchun Internet orqali suhbat vaqtini belgilash tizimiga kirish kerak bo‘ladi.

Talaba vizasiga murojaat etish uchun yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlarni topshirish talab etiladi.

Shuningdek, talaba vizasi uchun ota-ona yoki homiyning butun o‘qish davomida zarur bo‘lgan o‘qish va yashash xarajatlarini qoplashiga yetarli mablag‘ mavjudligini isbotlovchi moliyaviy hujjatlar so‘raladi. Talaba bilan birgalikda vizaga murojaat etuvchi oila a'zolari (turmush o‘rtoqlar yoki farzandlar) uchun qarindoshlik rishtalari borligini tasdiqlaydigan hujjatlar, misol uchun turmush qurganlik to‘g‘risidagi yoki tug‘ilganlik haqida guvohnomalar.

Almashinuv dasturlari

Immigratsiya va Fuqarolik Akti Amerika Qo‘shma Shtatlarida almashuv dasturlarida qatnashish uchun tanlangan shaxslarga maxsus Almashuv dasturi qatnashchisi vizalari (J) kategoriyasini belgilab bergan. Demak, AQSh Elchixonasi yoki Konsulligida J vizasiga murojaat etishdan avval, siz birorta ta'lim almashuv dasturi talablariga muvofiq bo‘lib, shu dastur homiysi tomonidan qatnashchi sifatida qabul qilingan bo‘lishingiz kerak. Agar siz ta'lim almashuvi dasturi qatnashchisi sifatida tanlangan bo‘lsangiz, dastur homiysi AQShga safaringiz uchun J vizasiga murojaat etishda kerak bo‘ladigan hujjatlar va ma'lumotlarni sizga yetkazadi.

“Yozgi ta'tilda ish va sayohat” dasturi (Summer Work and Travel program)

«Yozgi ta'tilda ish va sayohat» (YoTIS) dasturi xorijiy talabalarga kollej yoki universitetdagi yozgi ta'tillari davomida Qo‘shma Shtatlarda yashash va ishlash imkoniyatini beradi. Eng muhimi, mazkur almashuv dasturi ishtirokchilarga Amerika xalqi bilan o‘zaro aloqa qilish hamda Amerika madaniyati bilan tanishish imkoniyatini yaratadi.

“Work and Travel” dasturi ishtirokchilari:

- Faqat ingliz tilida so‘zlashadigan muhitda muvaffaqiyat qozonish uchun ingliz tilida yetarli darajada yaxshi so‘zlasha olishlari;

- AQSh hududidan tashqaridagi oliy o‘quv yurtida bakalavr yoki magistr darajasini olish uchun, yoki akkreditatsiya qilingan auditoriyali oliy ta'lim muassasasida boshqa kunduzgi o‘qish shaklida tahsil olishlari;

- Oliy o‘quv muassasasidagi hech bo‘lmaganda bir semestrni yoki unga teng o‘quv muddatini muvaffaqiyatli tamomlagan bo‘lishlari;

- Viza olish uchun suhbatdan o‘tishdan avval tegishli ishga joylashishlari kerak.

Shuningdek, “Work and Travel” dasturining istiqboldagi qatnashchilariga turli xil amerikalik homiylarning har biri bilan bog‘lanish tavsiya qilinadi.

Suhbatdan o‘tishdan avval vakolatlarni taqsimlash va odam savdosi qurbonlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Uilyam Uilberfors Qonuni yozilgan risolani o‘qishlari va tushunib olishlari zarur.

E'tibor bering, murojaatchi dasturni to‘rt oy davomida yakunlab, yangi semestr boshlanishiga qadar qaytib kelish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.

“Work and Travel” dasturida ishtirok etish uchun biror mashg‘ulotingizni o‘tkazib yubormasligingiz kerak. Sizda to‘rt oy ichida «Yozgi ta'tilda ish va sayohat» dasturini tamomlab, yangi semestr boshlanishidan avval qaytib kelish imkoniyati bo‘lishi kerak.

Jismoniy shaxslar DS-160 so‘rovnomasini to‘ldirish va onlayn tarzda suhbatga yozilish orqali vizaga ariza topshirishning odatiy tartibida murojaat qilishlari mumkin.

“Yozgi ta'tilda ish va sayohat” dasturida ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

- DS-160 so‘rovnomasining elektron shakli. Viza turi almashuv dasturi bo‘yicha, ya'ni ISQ dasturi uchun tanlanadi va sizning vizangiz turi J1 bo‘ladi;

- Xorijga chiqish uchun haqiqiy bo‘lgan pasport;

- So‘nggi 6 oy ichida olingan fotosurat (fotosurat rangli, 5x5sm hajmda va oq fonda bo‘lishi kerak);

- Almashuv dasturi bo‘yicha viza olish uchun DS-2019 shakli. Mazkur shakl homiylik qiluvchi tashkilot tomonidan beriladi;

- AQShda sizga taklif etilayotgan ish haqida ma'lumot;

- SEVIS (Student and Exchange Visitor Information System – Talabalar va almashuv dasturlari qatnashchilari to‘g‘risidagi ma'lumot tizimi) to‘lovini tasdiqlovchi I-901 yoki I-797 shakli;

Talabalik maqomini tasdiqlovchi hujjatlar, masalan, talabalik guvohnomasi, reyting daftarchasi va h.k.

Ziyodaxon G‘ulomova,

UzbekLife kolumnisti

Mavzuga oid