Iqtisodiyot | 13:32 / 01.07.2021
57973
5 daqiqa o‘qiladi

«Vikup»ga avtomobil xarid qilishda nimalarni bilish kerak?

Sotib olish sharti bilan ijara asosida avtotransport vositasini xarid qilayotganda dastlab qulay va hech qanday xavf yo‘qdek tuyulsa-da, ammo yakunda sizga ko‘rinmayotgan va oxiri pulingiz ortiqcha sarflanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan bir qator yashirin talablar mavjudligini yodda tutish lozim.

Kundalik hayotimizda mashina olish istagida yurgan, ammo yetarlicha mablag‘ga ega bo‘lmagan odamlarni ko‘p uchratish mumkin. Bunday holatlarda ular keyinchalik sotib olish sharti bilan avtotransport vositasini ijaraga olish kabi usullardan foydalanishga harakat qiladi. Unutmaslik kerakki, istalgan shartnomani tuzishdan oldin, uning nozik jihatlariga e'tibor qaratish lozim. Shartnoma tuzayotganda nimalarga e'tibor qaratish kerak? Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi fuqarolarni ogoh bo‘lishga chaqirmoqda.

Keyinchalik sotib olish sharti bilan avtotransport vositasini ijaraga olish

Bu jarayon ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab bo‘nak (avans) to‘lov amalga oshirilgani to‘g‘risida shartnoma tuziladi, so‘ngra keyinchalik sotib olish sharti bilan ijara shartnomasi imzolanadi. Shuni ham hisobga olish lozim, agar ijaraga olinayotgan avtomashina markasi topilmasa, fuqaro xizmat ko‘rsatayotgan korxona tomonidan taqdim etiladigan uchta variantdan birini tanlashga majbur. Agar fuqaroga taklif qilingan variantlar yoqmasa, u pulni qaytarib olishga, faqatgina 40-60 ish kuni o‘tganidan so‘ng (korxonaning siz xohlagan avtomashinani qidirishga yana 120 kun, jami 180 kungacha) haqli hisoblanadi.

Shuningdek, yana bir narsaga jiddiy e'tiborda bo‘lish kerak: agar dastlab shartnomada taklif qilingan transport vositasi taqdim etilmasa, ijaraga beruvchi hech qanday majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmaydi. Ya'ni korxona sizning mablag‘ingizni deyarli 6 oy davomida saqlab turgani, vaqtingizni olgani, xizmat ko‘rsatmagani uchun hech qanday moliyaviy yoki boshqa yo‘qotishlarga duch kelmaydi.

Avans to‘lov shartnomasi va sotib olish sharti bilan ijara shartnomasi korxona tomonidan 5 daqiqa ichida notarial tasdiqlanmasdan va boshqa hujjatlar talab qilinmasdan tuziladi.

Bundan tashqari, siz ijaraga mashina olsangiz, uning rasmiy egasiga aylanmaysiz va egalik huquqi sizga tegishli bo‘lmaydi, ustiga ustak korxonadan har oyda transport vositasini boshqarish uchun ishonchnoma rasmiylashtirilishi lozim.

Agar moliyaviy ahvolingiz yomonlashishi oqibatida to‘lov qobiliyatini yo‘qotsangiz va shartnoma shartlarini bajara olmasangiz, transport vositasi olib qo‘yiladi va fuqaroga to‘lagan mablag‘i qaytarilmaydi.

Shartnoma tuzishda nimalarga e'tibor berish kerak?

Shartnoma tuzishda tomonlarning majburiyatlari va javobgarligini sinchiklab o‘rganib chiqish lozim. Amaliyotda noinsof kompaniyalar shartnomada faqat avtotransport vositasini oladigan fuqaroning javobgarligini ko‘rsatadilar, bu esa ular zarar ko‘rishlari, hatto avtomobildan mahrum bo‘lishlariga olib keladi.

Quyidagi holatlarda ko‘plab qoidabuzarliklar aniqlangan:

  • avans to‘lovlari to‘g‘risidagi shartnomalarda transport vositasining to‘liq qiymati ko‘rsatilmasligi;
  • ijaraga olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni yig‘ish,tayyorlash va rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga fuqarolardan foiz undirish;
  • tashkilotning o‘z majburiyatlarini nomuvofiq yoki o‘z vaqtida bajarmaganligi uchun penya miqdori shartnomada ko‘rsatilmasligi;
  • boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirib, bir necha oylab (shartnoma bo‘yicha 120 ish kuni) avtomobil vositasini kutayotgan iste'molchiga shartnomada ko‘rsatilmagan, narxi qimmatroq boshqa rusumdagi avtomobil vositasi taklif etilayotganligi;
  • shartnomada ko‘rsatilgan foiz stavkasi Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan qayta moliyalashtirish stavkasidan past bo‘lishi mumkin emas (joriy holatga ko‘ra yillik 14 foiz). Chunki bu tashkilot uchun mutlaqo foydasizdir.

Xulosa

Sotib olish sharti bilan ijara asosida avtotransport vositasini xarid qilayotganda dastlab hech qanday xavf yo‘qdek va aksincha bu qulay shartlarda taqdim etilgandek tuyulishi mumkin. Biroq mazkur tashkilotlar taqdim etayotgan shartlar ostida sizga ko‘rinmayotgan va oxiri pul mablag‘laringiz ortiqcha sarflanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan bir qator yashirin talablar mavjudligini yodda tutishingiz lozim. Shu bois, hurmatli fuqarolar, shartnoma shartlari, undagi tomonlarning javobgarligini diqqat bilan o‘rganib chiqing.

Mavzuga oid