«Barselona» pul izlamoqda, Messi Argentinani sovrin sari olib bormoqda
Messining goli va ikki golli uzatmasi Kolumbiyaga qarshi kechadigan yarimfinal o‘yinini kafolatladi.
Amerika Kubogi. 1/4 final
Argentina — Ekvador — 3:0 (1:0)
Gollar: de Paul, 40 (1:0). L.X.Martines, 84 (2:0). Messi, 90+3 (3:0).
Argentina: E.Martines, Otamendi, Petssela, Akunya, Molina, Paredes (Di Mariya, 71), de Paul, Lo Selso (Rodriges, 71), Messi, L.X.Martines (Aguero, 90+4), Gonsales (Talyafiko, 83).
Ekvador: Galindes, Arboleda, Estupinyan, Presiado, D.Palasios (Plata, 46), Xinkape, Grueso (Estrada, 46), Franko (Kaysedo, 70), Mendes, Mena (Kampana, 83), Valensiya.
Ogohlantirishlar: Presiado, 20. Franko, 31. Estupinyan, 44. Otamendi, 45+4. Gonsales, 66.
Chetlatish: Xinkape, 90+2.
Hakam: Pereyra Sampayyu (Braziliya).
4 iyul. Goyaniya. «Olimpiko» stadioni.
Katta maoshga chegara muammosi
Amerika Kubogi chorak finalida Messi faoliyatida ilk bor rasmiy o‘yinda erkin agent maqomida ishtirok etdi. Shu bilan birga, o‘yindan oldingi mashg‘ulotlar chog‘ida Leo butunlay xotirjam va g‘amsiz ekanini namoyish etdi, chunki chindan ham uning kelajagi noma'lum emas va bu mavzu matbuotda yozilayotgani kabi dolzarb ham emas. «Barselona» rahbariyati va uning asosiy yulduzi shartnomani yangilash bo‘yicha hamfikr, hozirda klub shu mavzuni yopish ustida ish olib bormoqda.
«Bizda moliyaviy fair play bo‘yicha muammo mavjud, biz ikki tomonni ham qanoatlantiruvchi yechim topish jarayonidamiz», — dedi ko‘k-anorranglilar prezidenti Joan Laporta yana bir bor Superliga shu kabi barcha muammolarni hal qilishiga urg‘u qaratib. Ayni vaqtdagi eng katta to‘siq — Ispaniyada maoshlar miqdoriga chegara belgilanganidir. Bir yil muqaddam kataloniyaliklar maoshlar vedomostini 671 million yevrodan (dunyodagi eng yirigi) 348 million yevrogacha tushirishga majbur bo‘lgandi, ammo hozirda nafaqat Messi uchun, balki boshqa yangi futbolchilar uchun ham joy bo‘shatish zarurati yuzaga kelgan.
Hozircha Erik Garsiya, Depay, Emerson va Agueroning shartnomalari La ligada ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Liga prezidenti Haviyer Tebas shunday demoqda: «Biz Messi uchun yoki Holand uchun qoidalar alohida qoidalar qabul qila olmaymiz. Umumiy qoidalar qanday bo‘lsa shunday, menejyerlar bu haqda juda yaxshi bilishadi. «Barsa» maoshlar fondini qisqartirish harakatida, ular to‘g‘ri yo‘ldan borishmoqda».
Ayni vaqtda ko‘k-anorranglilar «Nitssa»ga 8,5 million yevro evaziga Todiboni sotishdi. Amerikalik iqtidor egasi Konrad de la Fuentening «Marsel»ga transferi uch million yevro keltirdi, Fransishku Trinkau bir yilga «Vulverhempton»ga ijaraga berildi, agar Xunior Firponing «Lids»ga transferi amalga oshsa, klub g‘aznasiga yana 15 million kelib tushadi. Bundan tashqari, «Barsa» Mateus Fernandes bilan shartnomani bekor qilgan, Filippe Koutino, Pyanich, Umtiti va Breytueyt sotuvga qo‘yilishi kutilmoqda. Pyanichga ayni paytda «Yuventus» va «Inter» da'vogar bo‘lib turibdi, Umtitining xizmatlariga esa sobiq klubi «Lion» va «Marsel» qiziqish bildiryapti, Breytueytni «Valensiya» o‘z safida ko‘rishni istamoqda.
Simulyant Paredes va joker Di Mariya
O‘z navbatida, Messining bular bilan ishi yo‘q. Leo o‘z orzusi uchun yana bir kurashga chiqqan — faoliyatida ilk bor milliy jamoa bilan sovrindor bo‘lish. Guruh bosqichidagi to‘rt o‘yinda sardor argentinaliklarning gollarining 71 foizida ishtirok etdi 3ta gol urib, 2 golga uzatma berdi. Ekvadorga qarshi o‘yinda ham shu holat davom etdi - Messi birinchi raqamli skripkachi bo‘ldi. Avvaliga u raqib himoyachisining qo‘pol xatosidan foydalana olmadi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatni darvoza ustunini nishonga olish bilan yakunladi.
Ammo keyingi hujum darvoza ishg‘ol etilishiga olib keldi. Messi va De Paul maydon markazida ham, raqib jarima maydoni yaqinida ham bir-biriga to‘p uzatib kombinatsiyalarni boshlamoqda, Opta ma'lumotiga ko‘ra, ushbu tandem «albiseleste»ning boshqa istalgan juftligidan ko‘ra ko‘proq bir-birini to‘p bilan ta'minlamoqda. Ularning o‘zaro 53-to‘p uzatishi gol bilan yakunlandi, Leo yana bir bor maydonni qanchalik yaxshi ko‘ra olishini namoyish etdi, bir harakat — va raqibning butun himoyasi ishdan chiqdi.
Shu bilan birga, «albiseleste»ning kamchiliklari yo‘qolib qolmaydi. Birinchidan, Argentina hamon ko‘plab vaziyatlarni ko‘kka sovurmoqda, bu o‘yinda Nikolas Gonsales bir metr masofadan turib darvozani aniq nishonga ololmadi. Ikkinchidan, himoya markazida tajribali futbolchilar Otamendi — Petsella juftligi harakat qilayotgan bo‘lsa-da, Lionel Skaloni jamoasi orqa chiziqda ishonchli ko‘rinmayapti. Birinchi bo‘limda Enner Valensiya ikki marta qanotdan uzatilgan to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘yishiga bir necha santimetrlar yetmay qoldi. Ikkinchi bo‘limda esa Ekvador dambadam favoritni jarima maydoniga qamab qo‘ya boshladi, Emiliano Martines o‘tkir burchakdan yo‘llangan ikki xavfli zarbani to‘sib, jamoani gollardan qutqardi.
Mart oyida JCh-2022 saralashida argentinaliklarga ikki gol urgan Kolumbiya (2:2) bunday xatolarni kechirmaydi. Hakam esa Paredesning artistligiga boshqacha ko‘z bilan qarashi ham mumkin, u bu o‘yinda yana bir xunuk harakat qilib, penalti so‘radi. U buning uchun o‘yindan olinmagan bo‘lishi mumkin, lekin usiz ham Argentina nafaqat ustunligini saqlab qoldi, balki hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi, uning o‘rniga tushgan Di Mariya esa so‘nggi 20 daqiqalikni ajoyib o‘tkazdi. Avvaliga u raqibni to‘p yo‘qotishga majbur qildi, to‘pga ega chiqqan Messi Lautaro Martines gol urishi uchun sharoit yaratib berdi. Keyin raqibni jarima maydoni chizig‘i oldida qo‘pollik qilishga va qizil kartochka olishga majburladi, Messi esa jarima zarbasini yana bir bor golga aylantirib, butun jamoani jazoladi (u turnirda ikkinchi bor jarimadan gol urdi va bunday gollari sonini 58taga yetkazdi - endi u Ronalduni bu borada ortda qoldirmoqda).
Urugvay yana yarimfinalga chiqa olmadi
Urugvay — Kolumbiya — 0:0. Penalti — 2:4
Penaltilar seriyasi: Sapata — 0:1. Kavani — 1:1. Sanches — 1:2. Ximenes — 1:2 (darvozabon). Mina — 1:3. Suares — 2:3. Borxa — 2:4. Vinya — 2:4 (darvozabon).
Urugvay: Muslera, Godin, Ximenes, Vinya, Vesino, De Arraskaeta (Torres, 68), Nandes, Valverde (Kaseres, 80), Bentankur, Suares, Kavani.
Kolumbiya: Ospina, Mina, Sanches, Tesilo, Munos, Kuelyar, Barrios, Muriel (Chara, 67), Sapata, Borre (Borxa, 87), Dias.
Ogohlantirish: Godin, 35.
Hakam: Xil Mansano (Ispaniya).
4 iyul. Brazilia. Milliy stadion.
Chorakfinaldagi eng yorqin afisha tomoshabop o‘yin kutganlarning ishonchini oqlay olmadi. Bu o‘yinda darvozabon Ospina Kolumbiya termasi tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchiga aylandi - 112-o‘yinida u darvoza daxlsizligini saqlab qoldi.
Umuman olganda, maydonda kolumbiyaliklar faolroq bo‘lishdi — holbuki ular o‘yindan oldin asosiy ijrochilari Uribe va Kuadradosiz qolishgandi. O‘ng qanotda Kuadrado o‘rniga shu yozda «River Pleyt»dan Yevropaga yo‘l olishi kutilayotgan Borre harakat qildi. Ammo u ham, uning sheriklari ham o‘yinda gol ura olishmadi, ikkinchi bo‘limda ikki tomon ham jonlandi, so‘nggi 15 daqiqalikda Urugvay ko‘proq hujum qildi (o‘yinning shu qismigacha 1ta zarba berilgan bo‘lsa, shu qismida zarbalar soni 3ta bo‘ldi).
Ammo tomonlar ehtiyotkorlikni ham unutishmadi va o‘yinni penaltilar seriyasiga olib borishdi. Amerika Kubogida o‘yinning asosiy bo‘limlaridan keyin overtaymlar yo‘q va darhol penaltilar tepiladi. Ospina ikki marta 11 metrlik zarbani qaytardi va o‘zining kichik bayramini butun mamlakat bayramiga aylantirdi. Reynaldo Rueda bosh murabbiylikka qaytganidan beri Kolumbiya yana kuchli o‘yin ko‘rsata boshladi, Urugvay esa Oskar Tabares bilan 10 yil oldin tarixida 15-marta Amerika chempioni bo‘lganidan buyon to‘rttalikka kira olmayapti.
Braziliya o‘n kishi bo‘lib yarimfinalga chiqdi: Jyezus raqib boshini uzib yuborishiga bir baxya qoldi
Braziliya — Chili — 1:0 (0:0)
Gol: Lukas Paketa, 46.
Braziliya: Ederson, Tiagu Silva, Danilu, Markinyus, Lodi (Eder Militau, 90+1), Kazemiru, Fred, Neymar, Robertu Firminu (Lukas Paketa, 46), Gabriel Jyezus, Risharlison (Everton, 90+1).
Chili: Bravo, Isla, Medel, Mena, Serralta, Vegas (Palasios, 64), Vidal, Arangis (Maripan, 88), Pulgar (Meneses, 76), Sanches (Brereton, 46), Vargas.
Ogohlantirishlar: Serralta, 58. Palasios, 76. Ederson, 81. Vidal, 88.
Chetlatish: Gabriel Jyezus, 48.
3 iyul. Rio-de-Janeyro. «Nilton Santos» stadioni.
Brazillar bu safargi turnirda yaqqol peshqadam ko‘rinishmayapti. Guruh bosqichi oxirida Ekvadorga qarshi durangli o‘yindan keyin, bu o‘yinda ham muammolar kuzatildi. O‘yin boshida mezbonlar ikkita qulay vaziyatdan foydalana olishmadi, Robertu Firminu Neymarning uzatmasini ko‘kka sovurdi, Gabriel Jyezus to‘pni darvoza to‘sini ustidan oshirib tepdi. Chililiklarda ham ishlar joyida emas, avvaliga butun turnirni o‘tkazib yuborishi kutilgan Aleksis Sanches safga qaytgani ham o‘zgarish yasay olmadi.
Martin Lasarte uni maydonga tushirib xato qildi, «Inter» forvardi hali optimal formasiga qaytgani yo‘q, shu tufayli Sanches tanaffusda almashtirildi. Bundan tashqari, Aleksisni startda tushirish uchun Breretonni zaxirada qoldirishga to‘g‘ri kelgandi, kelib chiqishiga ko‘ra angliyalik bo‘lgan bu futbolchi guruh bosqichida turnir kashfiyotlaridan biriga aylangandi. Agar chililiklar birinchi bo‘limdan keyin majburiy almashtirish qilgan bo‘lsa, brazillar ustozi Tite taktikani o‘zgartirdi, Lukas Paketa Firminu o‘rniga tushdi va to‘pga ilk teginishlaridayoq hisobni ochdi.
Ikki daqiqa o‘tib Jyezus o‘z jamoasiga muammo o‘ylab topdi. Yoki u qarshisidan kelayotgan raqibni ko‘rmadi, yoki «Manchester Siti» forvardi aqldan ozgan, ammo fakt faktligicha qoladi: braziliyalik futbolchi sharq yakkakurashiga xos tarzda sakrab, Menening boshini uzib yuborishiga bir baxya qoldi. Yaxshiki, uning oyog‘i biroz yondan kuchsizroq bordi va jabrlanuvchini maydondan zambilda olib ketishga to‘g‘ri kelmadi, ammo qizil kartochka ko‘rsatilishi muqarrar edi.
Tite boshqaruvi davridagi 59 o‘yinda pentakampeonlardan faqat Jyezusni maydondan chetlatishgan, forvard 2019 yilgi Amerika Kubogi finalida ham o‘yin oxirigacha maydonda qololmagandi.
Brazillar baxtiga o‘yin oxirigacha hisob saqlanib qoldi. Ofsayd tufayli Vargasning goli bekor qilindi, chiliklarning hujumlaridan biri vaqtida Edersonni goldan darvoza to‘sini qutqarib qoldi, ammo amaldagi chempionlar boshqa jiddiy muammoga duch kelishmadi. Oldinda ularni 2019 yilgi final remeyki kutmoqda va Braziliya bu o‘yinda boshqacharoq o‘ynashi kerak. Aks holda titulni himoya qilish fiasko bilan tugashi mumkin.
«Inklar»ning aql bovar qilmas g‘alabasi
Peru — Paragvay — 3:3 (2:1). Penalti — 4:3
Gollar: Gomes, 11 (0:1). Lapadula, 21 (1:1). Lapadula, 40 (2:1). Alonso, 54 (2:2). Yotun, 80 (3:2). Avalos, 90 (3:3).
Penaltilar seriyasi: An.Romero — 0:1. Lapadula — 1:1. Alonso — 1:2. Yotun — 2:2. Martines — 2:2 (xato). Ormeno — 2:2 (darvozabon). Samudio — 2:2 (xato). Tapiya — 3:2. Piris — 3:3. Kueva — 3:3 (darvozabon). Espinola — 3:3 (darvozabon). Trauko — 4:3.
Peru: Galese, Ramos, Korso (Lora, 90), Trauko, Santamariya, Kueva, Yotun, Karrilo, Tapiya, Penya (Ormeno, 60), Lapadula.
Paragvay: Silva, Gomes, Alonso, Arsamendiya (Avalos, 83), Espinola, Martines, Kardoso Lusena (Roxas, 46), Sanches (Enkiso, 83), Vilyasanti (Piris, 79), An.Romero, Gonsales (Samudio, 68).
Ogohlantirishlar: Santamariya, 15. Gomes, 42. Vilyasanti, 49. Kueva, 60. Karrilo, 75. Espinola, 87.
Chetlatish: Gomes, 45. Karrilo, 85.
2 iyul. Goyaniya. «Olimpiko» stadioni.
Chorakfinaldagi eng kamtar juftlik esa aql bovar qilmas intriga va ssenariy taqdim etdi. Turnir pley-offida bunday gollarga boy durang hisob 1999 yildan buyon kuzatilmagandi, o‘shanda ham peruliklar Meksika bilan shunday natija qayd etishgandi. Bu o‘yinda jamoalar 6 golni 90 daqiqada urishdi, hozirda Amerika Kubogida final bahsigacha qo‘shimcha overtaymlar nazarda tutilmagan.
Bu o‘yin uchun ikki jamoa ham olqishlarga munosib. Paragvayliklarga qiyinroq bo‘ldi, chunki ular guruh o‘yinlarida asosiy yetakchisi Almironni yo‘qotgandi, o‘yinning birinchi bo‘limida esa yana bir yetakchi safdan chiqdi, hisobni ochuvchi gol muallifi bo‘lgan Gomes tanaffus arafasida qizil kartochka olib maydonni tark etdi, ammo qizil-oqlar o‘yin davomida ikki marta hisobni tenglashtirishga erishishdi. Bunga o‘yin oxirida peruliklar safida Karrilo ham chetlatilishi sabab bo‘ldi, 90-daqiqada tabloda ikkita 3 raqmi porlay boshladi.
Ammo penaltilar seriyasida Paragvay uchta xatoga yo‘l qo‘ydi va o‘n yil oldingi turnirda qatorasiga to‘rt bor 11 metrlik zarbani golga aylantira olmagan brazillar antirekordini takrorlashga yaqin keldi. Peruda esa ikki qahramon bor. Birinchisi, o‘yinda dubl qilgan, asli kelib chiqishi italiyalik bo‘lgan Lapadula. Ikkinchisi, bosh murabbiy Rikardo Gareka. 2018 yilda u «inklar»ni Rossiyadagi jahon chempionatiga olib borgan, bir yil o‘tib jamoa bilan qit'a birinchiligi finaliga chiqqan. Argentinalik ushbu mutaxassis katta avtoritet, u JCh-2022 saralashidagi ilk g‘alabaga faqat oltinchi turga kelib erishganda ham lavozimini saqlab qoldi. Endi uni Peru tarixidagi rekord kutmoqda — Amerika Kubogida uchinchi marta yarimfinal.
Yarimfinal juftliklari:
6 iyul. Braziliya — Peru (4:00)
7 iyul. Argentina — Kolumbiya (6:00)
Mavzuga oid
22:52 / 24.12.2024
Braziliyada ilgari hech qachon qayd etilmagan hindular qabilasi aniqlandi
22:12 / 23.12.2024
2024 yilning eng omadsiz valutasi ma’lum qilindi
12:02 / 22.12.2024
«Barsa»da inqiroz, «Siti»da antirekord. Kun o‘yinlari
12:24 / 16.12.2024