O‘zbekiston | 11:23 / 23.07.2021
4102
2 daqiqa o‘qiladi

Helena Freyzer «Yuksalish» umummilliy harakatining faxriy a'zosi bo‘ldi

BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer 2021 yil 22 iyul kuni mamlakatimizdagi missiyasini yakunladi. 1 sentyabrdan Freyzer xonim BMTning Dasturlar va siyosat boshqarmasi rahbari, BMTning 132 mamlakatdagi agentliklari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida yangi lavozimga kirishadi (BMTning Nyu-Yorkdagi shtab kvartirasida).

Helena Freyzer 2017-2021 yillarda O‘zbekistondagi faoliyati davomida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi tashkilotchilari qatorida bo‘ldi. Xususan, u BMTning yuqori darajadagi rasmiylari va donor davlatlar vakillari ishtirokida fond rasmiy ravishda ishga tushirilishida muhim rol o‘ynadi. To‘rt yil davomida fond Yevropa Ittifoqi, Koreya Respublikasi va Finlandiyaning 20 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘larini jalb qila oldi.

Helena Freyzer, shuningdek, BMT tizimlarining O‘zbekistondagi konstruktiv ishtirokini kengaytirishga ko‘maklashdi, jumladan, uning ko‘magida Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarning O‘zbekistondagi vakolatxonasi qayta faoliyat boshladi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ochildi hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti O‘zbekistonda rasman akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Freyzer xonim O‘zbekistondagi faoliyati mobaynida mamlakat va prezident Shavkat Mirziyoyevning inson huquqlari, yoshlar siyosati, gender tenglik, so‘z erkinligi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolik berish masalalarini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatladi.

«Helena Freyzer "Yuksalish" umummilliy harakatining faxriy a'zosi bo‘ldi va unga a'zolik sertifikati taqdim etildi. Harakat jamoasi Freyzer xonimga samarali hamkorlik qilgani, ko‘plab g‘oya va tashabbuslarni, qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildiradi, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaydi!» deyailadi «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid