O‘zbekiston | 16:25 / 26.07.2021
7163
5 daqiqa o‘qiladi
Reklama

O‘zsanoatqurilishbank tizimida “Data Warehouse” – ma'lumotlar ombori tatbiq etildi

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

O‘zsanoatqurilishbank tizimida ma'lumotlarga ishlov berish,  saqlash va chuqur tahlil qilishga qaratilgan “Data Warehouse” (DWH) - ma'lumotlar ombori va “Business Intelligence” – biznes tahlil tizimi  tatbiq etildi. Bu Bankning yangi biznes modeliga asoslangan transformatsiya jarayonlari doirasida amalga oshirildi.

Bugungi kunda iste'molchilarning mobil biznes-ilovalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali muttasil o‘sib borayotgan o‘zaro onlayn muloqoti ma'lumotlarning katta hajmini yaratmoqda. Bu kompaniyalar uchun zarur ma'lumotlarni to‘plash, o‘z mijozlari hamda bozor tendensiyalari va mahsulotlari haqida yanada ko‘proq axborotlarga ega bo‘lish imkonini bermoqda.

Ammo, ta'kidlash joizki, ma'lumotlarni yig‘ish va ulardan tijorat maqsadlarida foydalanish boshqa-boshqa masalalardir. Ma'lumotlarni samarali to‘plash va tahlil qilish to‘g‘ri texnologiyalarni qo‘llash bilan tizimli yondashuvni talab etadi.

Shu bois O‘zsanoatqurilishbank tizimida bugungi kunda xalqaro amaliyotda keng qo‘llanilayotgan ma'lumotlar ombori va biznes tahlil tizimi tatbiq etildi.

Endilikda Bankda bir nechta manbalardan olingan ma'lumotlarni saqlash, ularni tahlil qilish uchun ilg‘or vositalardan foydalanish hamda o‘rganilayotgan obektlar to‘g‘risida ma'lumot olishga sharoit tug‘iladi.

Tizim muassasa boshqaruviga Bank biznesi o‘tmishda qanday ish olib borgani va ayni paytda qaysi bosqichda ekanini bilish imkonini beradi, qolaversa, biznes uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochadi.

Barcha hisobot va tahlillar DWH platformasida amalga oshirilishini hisobga olib, u nafaqat ko‘p sonli ichki operatsion tizimlardan ma'lumotlarni bir joyda to‘plashini, balki ma'lum vaqtda ushbu tranzaksion tizimlardan katta yukni ham olib tashlashini qayd etish mumkin.

Masalan, ilgari yangi turdagi hisobotni olish uchun bir necha kun, hatto, haftalar kutish kerak bo‘lgan. Chunki ijrochi bir nechta quyi tizimlardan katta hajmdagi ma'lumotlarni qo‘lda to‘plash va qayta ishlashga majbur edi. Bunday manipulyatsiyalar ko‘p vaqt va resurslarni talab qilardi. Endi DWH’ga asoslangan yangi texnologiyalar bilan ushbu vazifalar bir zumda juda kam kuch sarflab amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan, platformada ma'lumotlarning xavfsizligini ta'minlash to‘rt darajada amalga oshiriladi.

Bugungi kunga kelib loyihaning birinchi bosqichi yakunlandi. Unga ko‘ra, Bankda asosiy manbalardan olingan barcha ma'lumotlarni to‘plash jarayoni avtomatlashtirilib, ularni integratsiya qilish jarayoni yakunlandi.

Keyingi bosqichda platformaning tahlil qismi sun'iy intellekt (Artificial intelligence – AI), mashina o‘rganishi (Machine learning – ML) va katta ma'lumotlar (Big Data) kabi yanada ilg‘or usul hamda texnologiyalar asosida kengaytiriladi. Natijada, nafaqat an'anaviy operatsion ichki va tashqi tizimlarning ma'lumotlari, balki ommaviy domenlar va ijtimoiy tarmoqlardan ham ma'lumotlarni olish imkoni yaratiladi.

– Ushbu platformaning ishga tushishi bilan Bank tahliliy faoliyatini birlamchi va tavsiflovchi darajadan prognoz qiluvchi darajaga ko‘taradi. Bu esa boshqaruv apparati va biznes yo‘nalishlar sun'iy intellekt tomonidan oldindan tayyorlangan va hisoblab chiqilgan variantlarni qaror qabul qilish jarayoniga tatbiq eta oladi, – deydi O‘zsanoatqurilishbank Boshqaruv raisi maslahatchisi Akmal Hamidov.

Shuningdek, ma'lumotlar omborining mavjudligi quyidagi global strategiyalarni amalga oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi:

Hisobotlarni avtomatlashtiradi. DWH platformasi ko‘pgina hisobotlarni oldindan belgilangan standart shablon bo‘yicha avtomatlashtirishga imkon beradi. Bu esa, biznes bo‘linmalarning hisobot tayyorlash bilan bog‘liq ishlarini qisqartiradi va asosiy faoliyati uchun sezilarli vaqtni tejaydi.

Ma'lumotlar sifati va hisobotlar to‘g‘riligini ta'minlaydi. DWH platformasi ma'lumotlarni umumiy va standart formatlarga o‘tkazish funksiyasiga ega. Ma'lumotlar va hisobotlarni standartlashtirish bank bo‘limlariga hech qanday tafovutsiz o‘zaro taqqoslanadigan va yaxshi shakllangan natijalarni olish imkonini beradi.

Hisobotlar mustaqil tayyorlanishiga xizmat qiladi. DWH platformasi oddiy xodimlarga axborot texnologiyalari departamenti yordamisiz qo‘shimcha manbalarni talab qilmagan holda hisobotlarni yaratishga imkon berib, yuqori iqtisodiy samaradorlik kasb etadi.

Muxtasar aytganda, rivojlangan biznes tahlili yanada asoslantirilgan qarorlarni qabul qilishga yordam beradi. Bu, o‘z navbatida, har qanday biznes sohasida investitsiyalarning yuqori rentabelligi va risklarning past darajada bo‘lishini ta'minlaydi.

Bank Axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid