O‘zbekiston | 12:18 / 30.07.2021
10489
3 daqiqa o‘qiladi

TIV pandemiya davrida O‘zbekistonga kirish qoidalarini e'lon qildi

Tashqi ishlar vazirligi koronavirus pandemiyasi davrida xorijiy davlatlar hududidan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurish bo‘yicha tartiblar to‘g‘risidagi ma'lumotni e'lon qildi. 

Qayd etilishicha, havo va temiryo‘l orqali tashrif buyurayotgan shaxslar O‘zbekistonga kelish uchun havo yoki temiryo‘l qatnoviga ro‘yxatdan o‘tishdan oldin so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga faqat PZR (polimer zanjirli reaksiya) orqali tekshirilib, manfiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan ma'lumotnomani taqdim qiladi.

PZR test o‘tkazish orqali koronavirus infeksiyasi mavjudligini tekshirish huquqiga ega laboratoriyalar va tibbiyot muassasalari ro‘yxati quyidagi havolada qayd qilingan: http://www.sanepid.uz/.

O‘zbekistonga avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlari orqali kirib kelayotgan shaxslar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan chegara o‘tkazish punktlarida faoliyat yuritadigan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan ma'lumotnoma taqdim etilgan taqdirda O‘zbekiston hududiga kiritiladi.

«Sariq» va «qizil» toifaga ajratilgan davlatlardan kirib kelayotgan shaxslar O‘zbekiston hududiga kirishda majburiyatnoma to‘ldirgan holda, 14 kunga yashash joyi bo‘yicha yoki mehmonxonada uy karantinini o‘tashlari talab etiladi.

O‘zbekistonga turist sifatida kelayotgan chet el fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy istiqomat qilmaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni taklif qilgan turoperator tomonidan DXX Chegara qo‘shinlari va Davlat bojxona qo‘mitasi vakillariga zarurat bo‘lganda turizm xizmati ko‘rsatilayotgan shaxslar va turizm xizmatini ko‘rsatish shartnomasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘rsatilgan vaucher taqdim qilinadi.

O‘zbekiston Davlat chegaralari o‘tish punktlarida, xalqaro aeroport hamda vokzallardan O‘zbekistonga «sariq» va «qizil» davlatlardan turoperator yoki turagent xizmatlaridan foydalanmagan holda mustaqil tashrif buyurayotgan turistlar umumiy tartibda kirib kelishi belgilangan.

O‘zbekistonga kirish vaqtida turist tomonidan koronavirus infeksiyasining mavjud alomatlari tufayli topshirilgan test natijalari musbat chiqqanda o‘z mamlakatiga qaytib ketish masalasi shu kundagi muayyan aviakompaniya yoki boshqa transport kompaniyalarining yo‘lovchilarni tashish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.

Mavzuga oid